O‘zA O`zbek

29.08.2018 19:59 Chop etish versiyasi

Yaponiyalik nobel mukofoti laureati yoshlar markazida maʼruza qildi

Yaponiyalik nobel mukofoti laureati yoshlar markazida maʼruza qildi Yaponiyaning Nagoya universiteti Prezidenti Matsuo Seyiti rahbarligidagi Yaponiya delegatsiyasi tarkibida yaponiyalik mashhur olim, Nagoya universitetining professori, kimyo boʻyicha Nobel mukofoti laureati Ryoji Noyorining ham borligi yurtimiz ilm-fani taraqqiyotidagi muhim voqea boʻldi. Bu haqida yoshlar ittifoqi markaziy kengashi axborot xizmati xabar qildi.

Bugun Yoshlar markazida Ryoji Noyori oʻzbekistonlik iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar bilan uchrashdi.

U “Mening makonim qayer, sen qayerga ketyapsan?” (Where am I from, Where are you going) mavzusida maʼruza qildi.

Mazkur tadbirda vazirlik va idoralar, Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, Respublikamizning barcha hududlaridan taklif etilgan iqtidorli talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Ryoji Noyori ilm-fanning soʻnggi yutuqlari, oʻzining hayotiy tajribasi va ilmiy natijalari haqida atroflicha soʻz yuritdi hamda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida ilm-fan sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish tarafdori ekanligi, bu hamkorlik taʼlim sifatini oshirish, innovatsion kelajakni yaratish, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Oʻzbekistonlik yosh olimlar tomonidan berilgan savollarga javob berar ekan, Ryoji Noyori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan har bir sohada, ayniqsa taʼlim sifatini oshirish, qonunchilik sohasida ulkan islohotlar olib borilayotganini ham eʼtirof etdi.

Dunyo miqyosidagi taniqli olim, Nobel mukofoti laureati Ryoji Noyori bilan boʻlgan tarixiy uchrashuv yurtimizning iqtidorli yoshlarini ilm-fan bilan chuqurroq shugʻullanish va innovatsion fikrlashga undadi.

OʻzA
2 836