O‘zA O`zbek

15.08.2018 15:06 Chop etish versiyasi

Yaponiyada tahsil: o‘zbekistonlik yoshlar nimalarni maqsad qilgan?

Yaponiyada tahsil: o‘zbekistonlik yoshlar nimalarni maqsad qilgan?
Yaponiyaning “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS) loyihasi 2018-2020-yillarda kunchiqar mamlakat oliy o‘quv yurtlarida magistraturada tahsil oladigan o‘zbekistonlik yoshlarni saralab oldi. Kuni kecha Toshkentda loyihaning 15 sovrindori bilan uchrashuv bo‘ldi. O‘zA muxbiri tadbir qatnashchilaridan intervyu oldi.

Ito NOBUAKI, 
Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligi barcha sohada bo‘lgani kabi fan-ta’lim yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda. “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS) loyihasi mamlakatlarimizning istiqbolli kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirishda munosib hissa qo‘shib kelmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur dastur asosida 310 nafar o‘zbekistonlik yosh Yaponiyada magistratura va doktoranturada tahsil olib qaytdi.

Joriy yilda loyiha uchun 2,4 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratilgan. Shunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining qator vazirlik va idoralarida mehnat qilayotgan 300 dan ziyod yosh kadr orasidan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan 15 nafari tanlab olindi. Ular Yaponiyada infratuzilmani rivojlantirish, davlat va jamiyat boshqaruvi, biznes yuritish, tibbiyotni isloh qilish kabi qator yo‘nalishlarda ilg‘or tajribani o‘rganib, xalqaro talablar asosida o‘z bilim va malakasini oshirish imkoniga ega bo‘ldi.

Gulnoza IBODULLAYEVA, 
“GM Powertrain-Uzbekistan” AJ Kommunikatsiya va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi menejeri:

– Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulot yetkazib berish uchun, avvalo, korxonalar faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash zarur. Shu bois biz, yoshlar oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa shaffoflik tizimini yaratishda faol ishtirok etishdan iborat. Yaponidagi tahsil davomida boshqaruvda shaffoflikka erishish bo‘yicha ilmiy izlanish olib bormoqchiman. Maqsadim – yurtimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shish.

Kamoljon SAIDOV, 
Navoiy issiqlik elektr stansiyasi dasturchi muhandisi:

– Mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar yoshlarning zamonaviy bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, iste’dodini to‘la namoyon etishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim omil bo‘lmoqda. Men ham ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanishga intilaman. Ilg‘or texnologiyalar bugun hayotimizning har jabhasida faol qo‘llanilmoqda. Bu ish unumdorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalangan holda ishlab chiqarishni muttasil oshirib borishning muhim omili deyish mumkin. Bugun yurtimizda davlat va jamiyat hayotini idora qilishda raqamli boshqaruvga o‘tilayotgani quvonarli. Ana shunday sharoitda dasturlash sohasida bilimli kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Yaponiyada tahsil olib, mamlakatimizda axborot texnologiyalarini boshqarish, texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash niyatidaman.

Jamshid MATYOQUBOV, 
Xorazm viloyat OITSga qarshi kurashish markazi shifokor-epidemiolog:

– O‘zbekiston yoshlarining jahon standartlariga mos tahsil olishi uchun xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda. Mamlakatimizda ko‘plab nufuzli xorijiy universitetlar filiallari ochilmoqda, tengdoshlarimiz chet eldagi yetakchi ta’lim muassasalarida bilim va tajriba oshirmoqda. Yaponiyada OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha doktorlik dissertatsiyamni yoqlamoqchiman. Bunda JDS loyihasi berayotgan imkoniyat muhim ahamiyatga ega.

Umid NORMURODOV, 
Samarqand viloyati hokimligi bosh mutaxassisi:

– Bugun yurtimizda statistika sohasini isloh qilishga zarurat bor. “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” loyihasi doirasida dissertatsiya ishimni “O‘zbekiston Respublikasida norasmiy sektorlar faoliyatini rivojlantirish” mavzusida yoqlashga qaror qildim. Bunda, albatta, Yaponiya tajribasini o‘rganish imkoniyati yaratilganidan xursandman.

O‘zA muxbiri Dilobar Mamatova yozib oldi
2 706