O‘zA O`zbek

20.06.2018 18:59 Chop etish versiyasi

Yangiyo‘l shahrida “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Yangiyo‘l shahar “Ayollar qanoti” kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar kengashi xodimlari, partiya faollari, tadbirkor va fermer xotin-qizlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda izlanuvchan va tashabbuskor xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka jalb etish, ularning oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish hamda bu boradagi mahorati va bilimini oshirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.

– Bunday tadbirlar nafaqat xotin-qizlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, balki ularning dunyoqarashini kengaytirish, tadbirkorlikka oid bilimini boyitishga xizmat qiladi, – deydi partiyaning Yangiyo‘l shahar “Ayollar qanoti” kengashi raisi M.Ibrohimova. – Tanlovda ishtirokchilar loyihalar istiqbolliligi va hayotiyligi, milliy va liberal-demokratik g‘oyalarni qay darajada egallagani, yetakchilik qobiliyati hamda partiya faoliyatidagi ishtirokiga ko‘ra baholandi.

“Sabina Nazar” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari S.Abdunazarova g‘olib, deb topildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarning tadbirkorlikka oid taqdimotlari hamda ishlab chiqargan mahsulotlari namoyish etildi.

Tanlov yakunida g‘oliblarga partiyaning maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
1 776