Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.05.2018 19:25 Chop etish versiyasi

Yangiyo‘l jamoasi musobaqa g‘olibi

Toshkent viloyati Bekobod shahrida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh o‘t o‘chiruvchi” musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Viloyat ichki ishlar, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada barcha shahar va tumanlardan jamoalar qatnashdi.

Musobaqa o‘quvchilarni yong‘in o‘chiruvchi kasbiga qiziqtirish, ushbu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini bajarish, o‘quvchilarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmasi hamda jismoniy tayyorgarligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi xizmatiga munosib, jismonan sog‘lom va jasur mutaxassislarni tayyorlash, yoshlarda yong‘in chog‘ida to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmasini mustahkamlash, yong‘in o‘chirish amaliy sportini yanada ommalashtirishga qaratilgan.

Jamoalar “100 metrga to‘siqlar osha yugurish”, “Yong‘in o‘chiruvchilar estafetasi” hamda “Ishg‘ol qilish narvonida o‘quv minorasiga ko‘tarilish” kabi shartlar bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Umumjamoa hisobida Yangiyo‘l tibbiyot kolleji jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Angren axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji jamoasi ikkinchi, Olmaliq kon-metallurgiya kasb-hunar kolleji jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar musobaqaning mamlakat bosqichida qatnashadi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 449