O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Yangiyerda ikkita xorijiy korxona qurilishi boshlandi

Yangiyerda ikkita xorijiy korxona qurilishi boshlandi

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida bir yoʻla ikkita toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya ishtirokidagi yirik loyihalarni amalga oshirish maqsadida qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Yangiyer shahar hokimi I.Xoʻjayev, xorijlik investorlar, shahar mutasaddi tashkilotlarining rahbarlari va quruvchilar ishtirok etdi.

Yangiyer kichik erkin iqtisodiy zonasi hududida 6 million 500 ming dollarlik kiritilgan xorijiy investitsiya hisobiga oʻtgan 2018-yildan ishga tushirilgan un mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Inter Greyn” masʼuliyati cheklangan jamiyati izchillik bilan faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda korxona tomonidan 4 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi.

Yangiyer EIZ hududida ana shunday yirik korxonalardan ikkitasining qurilishiga start berilgani quvonarli. Jumladan, umumiy qiymati 7 million 500 ming dollarni tashkil etuvchi kelgusi 2020-yilning IV choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan Xitoy investorlari ishtirokidagi “NANOBLOCK” MCHJ har xil turdagi gazabloklar ishlab chiqarishga moʻljallangan. Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 70 foizi eksport qilinadi.

Shuningdek, qurilishi jadal boshlab yuborilgan ikkinchi – “YANGIYER FLOUR TRADING” MCHJ ham kelgusi yil nihoyasiga borib ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Umumiy qiymati 3 million 500 ming dollarini tashkil etgan ushbu loyiha afgʻonistonlik investor Shafiq Alimiga tegishli. Ushbu korxona bugʻdoyni qayta ishlab, un mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlari toʻliq eksportga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Har ikkala loyiha toʻla ishga tushgach 130 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.

433
A.QAYUMOV, OʻzA