O‘zA O`zbek

14.09.2018 08:29 Chop etish versiyasi

Yangiqoʻrgʻon qoʻshiqlari

1989 yil OʻzMUning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirgach, ilk bor hozirgi “Matbuotchilar“ koʻchasidagi gazetalar chop etiladigan binoga borganmiz. Har holda u paytlar maktablarga gazetalar muntazam borib turgan va ularning har birini sinchiklab oʻqiganmiz. Taniqli mualliflarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrmagan boʻlsak-da, nufuzli nashr ”Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati “ gazetasi muxbirlarining maqolalarini doimiy kuzatib borardik. Bosh muharrir Odil Yoqubov, uning oʻrinbosari Ibrohim Gʻafurov, Yoqubjon Xoʻjamberdiyev, Murod Abdullayev, Karim Bahriyev, Ashurali Joʻrayev, Ahmad Otaboyev, Gulchehra Umarova, Jaloliddin Safoyevlar qatori Tohir Doliyevning gazetaning koʻpincha sakkizinchi sahifasida chiqadigan materiallarini koʻp marotaba mutolaa qilgan edim.Keyin bu odam bilan tanishib qoldim. Ochiq koʻngil, shoir tabiat odam ekan.Keyinchalik meni korrektorlik vazifasiga ishga olishdi-yu, ”Xalq soʻzi” gazetasida bir jamoa aʼzosiga aylandik. Shunga ham 20 yildan ortiq vaqt oʻtibdi.

Yaqinda Tohir Doliyevning uzoq yillik izlanishlari jamlangan “Toʻrt fasl” kitobi qoʻlimga tushib qoldi. Kitob juda katta yangilik sifatida oʻquvchini tortmasa-da, samimiy fikrlarga boy boʻlibdi. Tohir akaning sheʼrlarida Ona sogʻinchi, qishloq mehri, murabbiylik martabasi,sevgi vafo, doʻstga sadoqat, umuman, dunyoni anglashga boʻlgan intilish bor.

Bir sheʼrida:

Chillaning ayozli qahri ham oʻchdi,

Qirlar libos kiyib olgandir yangi.

Giloslar, oʻriklar rangiga koʻchdi

Mushfiq volidamning sochlarin rangi.

Tohir akaning lirik qahramoni shahar va qishloq orasida yashaydi goʻyo. Dastlab keng qishloqqa sigʻmay, katta shaharga otlanadi. Shaharda esa qishloqni sogʻinib yashaydi. Koʻp sheʼrlar ana shu sogʻinch tufayli dunyoga kelgan.

Dalalar bagʻriga oʻzim otaman,

Yuzimni silaydi, tinimsiz yellar,

Koʻzimda aylanar bir ajib chaman,

Bu – men yayrab oʻtgan bolalik yillar.

Tohir aka ulugʻ dargoh SamDUda tahsil olgan. Samarqand adabiy muhiti alloma Nuriddin Shukurov maktabi sehridan taʼsirlangan. Keyinchalik oʻzi tugʻilib oʻsgan Oqdaryo tumanidagi Yangiqoʻrgʻon qishlogʻida oʻqituvchilik qilgan. Oʻqituvchilikning “shirin” azobiga sherik. Shu bois “Birinchi sentyabr” sheʼrida:

Muallim asabi poʻlatdek metin,

Muallim ongidir tafakkur shamsi.

Muallim sof qalbi osmon qadar keng

Muallim bardoshda togʻlarning ramzi.

Yana birda maktabni sogʻinib:

Oʻn yil boʻldi ostonangdan mening qadamim,

Shoʻxchan-shoʻxchan oʻyinlarim uzilganiga.

deb yozadi.

Tohir aka Zarafshon vohasiga yaxshi tanish Samarqandlik ajoyib ijodkor Surʼat Oripovga ham shogird, ham qarindosh. Kitobdan Surʼat Oripov xotirasiga bagʻishlangan ikkita sheʼr ham oʻrin olgan. Ulardan biri “Ketib borar bir umri aziz” deb nomlanadi. Bu satrlar alloma Gʻaybulla As-salomning “Ey umri aziz” kitobi nomini yodga soladi. Tohir aka ham xuddi muhtaram domlamiz qatori maʼnaviyatga umrini baxshida etgan siymolarga murojaat qiladi. ”Oybek domlaning zaboni”, “Ulugʻvorlik” (yozuvchi Mamatqul Hazratqulovga), ”Gʻamnok umr oʻtdi, lek shoir emas” (yana Surʼat Oripov xotirasi yodiga) ”Yoʻldan tolmagin Yoʻlchi” (Oqdaryolik jurnalist Yoʻlchi Muhammedovga) kabi sheʼrlarida buni sezish mumkin. Har holda ijodkorlar orasida samimiyat yoʻqolib borayotgan shu kunlarda buyam bir odamgarchilikday tuyuldi menga. Kitobdan “Nasrdagi tuygʻular” turkum lirik lavhalar oʻrin olgan. Unda turli mulohazalar, tabiat tasvirlaridan tortib, oʻzbekona milliy qadriyat, hatto ketmonini muqaddas bilgan dehqonning quvonch va tashvishigacha bor. Ular orasida ”Ochil buva” hikoyasi haqiqiy oʻzbekning feʼl-atvorini ochib bergan. ”Ochil buva” koʻchirish ommaviy tus olib, hamma shaharlashayotgan tuman markaziga borib, ”madaniy” yashayotgan odamlarga qoʻshilmaydi. Ota-bobolari yotgan Beshketmon qishlogʻidan koʻchmay, oʻz uyida jon beradi. Oʻjar boʻlsa-da, shu odamni yaxshi koʻrib qolasiz. Muallif uning ichki dunyosini ortiqcha bezaklarsiz chizib beradi.

Tohir aka kitobini “Toʻrt fasl” deb nomlabdi. Aslida oʻzimiz sezmagan holda bizga toʻrt fasl, toʻrt xil kayfiyat beradi. Achchiq sovuqdan junjiksak, yozning jaziramasi bir sinov, bahor jamoliga toʻymasak, soʻlim kuz ham tarovatli. Ammo kitobdagi koʻp sogʻinchli satrlar olis Oqdaryo va Qoradaryo oʻrtasidagi Miyonqol, Zarafshon kengliklari, Yangiqoʻrgʻon qishlogʻi tarovatini sizga ilinadi. Menga qolsa, uni “Yangiqoʻrgʻon qoʻshiqlari” deb nomlardim. U jozibador, sehrli va samimiydir.

Oʻljaboy Qarshiboy, OʻzA
1 261