O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Yangilanayotgan akademiya: boʻlajak mutaxassislar zamonaviy maskanda taʼlim olmoqda

Yangilanayotgan akademiya: boʻlajak mutaxassislar zamonaviy maskanda taʼlim olmoqda

Bugun jahonda roʻy berayotgan global oʻzgarishlar har bir soha uchun yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni taqozo etmoqda. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ham mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarini yetuk malakali kadrlar bilan taʼminlab kelayotgan oliy taʼlim muassasalaridan biri sanaladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 29-iyun kuni oʻquv dargohiga tashrif buyurib, Akademiyaning nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi.

Ushbu tarixiy tashrifdan soʻng taʼlim muassasasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida moddiy-texnik bazani mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Qisqa fursatda taʼlim jarayonini ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, professor-oʻqituvchilar hamda tinglovchi-kursantlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Ulkan hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlaridan soʻng Akademiyaning qiyofasi yangicha mazmun-mohiyat va zamonaviy koʻrinish kasb etdi.

Dastlab, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosi foydalanishga topshirildi. Turli badiiy kechalar va tadbirlar oʻtkazib kelingan markazning eski binosi salobat va koʻrinish jihatdan odmiroq, ustiga-ustak ziyo maskani nomiga munosib emasdi. Kapital taʼmirdan soʻng, bino milliy hamda zamonaviy meʼmorchilik anʼanalarini oʻzida mujassam etgan muhtasham maskanga aylandi. Markazdan 650 oʻrinli anjumanlar zali, Akademiya tarixi muzeyi va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan boshqa xonalar oʻrin olgan. Ayniqsa, bino yoʻlaklari va diqqatga sazovor joylarining buyuk tariximiz hamda taraqqiyotimizni aks ettirib turuvchi nodir fotosuratlar bilan bezatilgani eʼtiborga molik. Natijada, maskan yoshlarga ilm-maʼrifat ulashuvchi, ziyo tarqatuvchi goʻshaga aylandi.

Akademiya oʻquv binosining avvalgi koʻrinishini hozirgisi bilan qiyoslash uchun koʻp emas, yaqin bir yil ortga nazar tashlash kifoya. Auditoriyalar, mashgʻulot xonalari eskirib qolgan, yorugʻliktalab, yilning yoz oylarida issiq, izgʻirinli kunlarda esa suvuq edi. Bu esa dars mashgʻulotlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etishni qoʻya turing, hatto samarali oʻtkazishga ham imkon bermasdi. Shu bois, mazkur inshoot tub qurilish-taʼmirlash ishlarini boshdan kechirdi. Qisqa fursatda, bu yerda tinglovchi va kursantlarning bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Har biri 450 oʻringa moʻljallangan beshta auditoriya, yettita mutaxassislik kafedrasining oʻquv medodik va mashgʻulot xonalari multimedia vositalari hamda kompyuter texnologiyalari bilan jihozlandi. Nazariy va amaliy mashgʻulotlar sifatini yaxshilash, taʼlimning interfaol usullarini qoʻllash maqsadida oʻquv jarayonini monitoring qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Taʼlim tizimiga tatbiq etilgan bu yangilik kadrlar tayyorlash sifatini yuksaltirish, oʻquv jarayonini monitoring qilish orqali nazariy va amaliy mashgʻulotlarni zamon talablari darajasida yoʻlga qoʻyish imkonini berdi.

Yaratuvchanlik harakatlari haqida gapirganda, yangidan qad rostlatgan Axborot-resurs markazi haqida alohida toʻxtalish lozim. Mazkur inshoot oʻzining nodir arxitekturasi va mahobati bilan eʼtiborni tortadi. 2000 oʻringa ega markazda yaratilgan qulay sharoitlar nafaqat kursant va tinglovchilar, balki ilmiy tadqiqotchilar hamda professor-oʻqituvchilarning turli adabiyotlarga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondiradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Axborot-resurs markazida ikkita mutolaa zali, uchta elektron oʻquv zali hamda maxfiy adabiyotlar seksiyasi tarkibida yana ikkita kichik zallar faoliyat yuritmoqda. Elektron oʻquv zallari soʻnggi rusumdagi kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan boʻlib, foydalanuvchilar shu yerning oʻzida internet tarmogʻi orqali Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona bilan bogʻlanish imkoniyatiga egalar. Markazdan 260 oʻrinli katta anjumanlar zali, ilmiy-amaliy konferensiyalar zali, rasmiy mehmonlarni qabul qilish va kutish xonasi va boshqa xonalar oʻrin olgan. Shu oʻrinda, markazning soʻnggi rusumdagi axborot tarqatish texnogogiyalari bilan jihozlanganini ham alohda aytish joiz.

Taʼlim dargohining sport majmuasini Akademiya ichidagi shaharchaga qiyoslasash mumkin. Bunyodkorlik ishlaridan soʻng bu yerda sportning kurash, sambo, karate, dzyu-do, voleybol, basketbol va boshqa turlari uchun moʻljallangan uchta zal, eng zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan trenajyor zali, futbol maydoni, yopiq suzish havzasi, yuvinish xonalari barpo etildi. Natijada soha xodimlari va tinglovchi-kursantlarning jismoniy chiniqishlari hamda sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun qulay sharoitlar yaratildi. Darvoqe, majmua qoshida Akademiyaning sport hayotidan soʻzlovchi muzey ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerdan taʼlim muassasasi sportchilarining Osiyo va Jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda qoʻlga kiritgan yutuqlari oʻrin olgan.

Davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirishga qaratilayotgan eʼtibor samarasi oʻlaroq, taʼlim muassasasida oʻqish istagini bildirgan yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Hozirgi kunda Akademiyaning kunduzgi taʼlimida 150 nafardan ortiq kursant qiz bilim olmoqda. Ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, qiziqish va orzu-havaslarini qoʻllab-quvvatlash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etishi tabiiy. Toʻrt qavatli yangi turar joy binosining bunyod etilgani ham boʻlajak mutaxassislar uchun ayni muddao boʻldi. Binobarin, 600 oʻringa moʻljallangan yotoqxonada qizlarning hordiq chiqarishi, sevimli mashgʻuloti bilan shugʻullanishi va maʼnaviy hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar mavjud.

Muxtasar aytganda, taʼlim muassasasining zamonaviy qiyofasi yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik harakatlariga hamohang tarzda yangilanib bormoqda. Bu yangilanishlar esa soha uchun yetuk bilimli kadrlar tayyorlash barobarida, kelajagimiz vorislarining orzu va maqsadlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qilayotgani bilan barchamizni quvontiradi.

Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati xodimi.

635
O'zA