O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Yangicha saylov atamasi yoshlar muhokamasida

Yangicha saylov atamasi yoshlar muhokamasida

“Yangicha saylov” atamasi nimani anglatishini Jizzax viloyati Yangiobod tumani yoshlari qizg‘in muhokama qildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi Prezidentimizning hududdagi Xalq qabulxonasi, adliya bo‘limi, ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, siyosiy partiyalar vakillari hamkorligida 19-bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan “Parlament yoshlar nigohida, yoshlar yangi saylov arafasida” mavzusidagi anjumanda saylovda ilk bor ovoz beruvchi yoshlar ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimizda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylov jarayonlari haqida gapirganda nima uchun “yangicha” so‘zini ko‘p qo‘llanilayotganiga asosiy e’tibor qaratildi. Huquqshunoslar, saylov komissiyasi a’zolarining ma’ruzalari va muhokamalar davomida “Bo‘lajak saylov jarayonlari qanaqa yangi tamoyillar asosida bo‘lib o‘tmoqda? Saylov qonunchiligida qanday yangiliklar yuz berdi, bular to‘g‘risida aholi, ayniqsa, saylovda birinchi marta ishtirok etadigan yoshlar qanchalik xabardor va ular asosan nimalarni bilib olishlari lozim?” degan savollariga batafsil javob berildi.

– Men ushbu anjuman davomida navbatdagi saylov qonunchiligidagi yangi o‘zgarishlar, yangi saylov Kodeksi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldim, – deydi Ilhom Abdurazzoqov. – Kelajakda mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligi kimlar deputatlikka saylanishi, siyosiy partiyalar qanchalik munosib nomzodlarni ko‘rsata olishiga bog‘liqligini tushunib yetdim. Ulardan eng munosiblarini tanlash esa bizning, saylovchilarning ixtiyorida. Demak, biz saylovda qatnashadigan partiyalarning g‘oyalari, nomzodlarning dasturlarini yaxshi bilishimiz kerak. Shuning uchun saylovda nomiga emas, ongli ravishda qatnashishimiz zarur.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan anjumanda yosh saylovchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

460
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA