O‘zA O`zbek

15.03.2019 17:54 Chop etish versiyasi

Yangi tuzilgan qo‘mita, bahsga sabab bo‘lgan parlament so‘rovi

Yangi tuzilgan qo‘mita, bahsga sabab bo‘lgan parlament so‘rovi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasini tashkil qilishga doir masalani ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga, ertangi istiqbolli kunlarga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavflardan biri korrupsiyadir. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish hamda uning oldini olish borasida aniq choralar ko‘rilayotganiga qaramay, ushbu illatni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashning imkoni bo‘lmayapti.

Shuni e’tiborga olgan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribalar va Konstitutsiyamiz talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etgan edi. Ushbu qo‘mitalar barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qo‘shishi lozimligi qayd etilgan edi.

Davlatimiz rahbarining mazkur topshirig‘idan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasini tashkil etishga qaror qilindi. 

Ushbu qo‘mita zimmasiga davlat organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki dasturlarni ishlab chiqib, ularni hayotga izchil tatbiq etish jarayoni ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda amaldagi qonun hujjatlarida korrupsiyaga olib keluvchi normalar mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan ularni chuqur tahlil qilish kabi qator vazifalar yuklatilmoqda.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqni qo‘llash faoliyatini tizimli ravishda o‘rganib borish, qo‘mita yig‘ilishlarida mansabdor shaxslarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati yuzasidan eshituvlarni o‘tkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, korrupsiya haqidagi boshqa ma’lumotlarni ko‘rib chiqish, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan parlament a’zolarini muntazam ravishda xabardor qilib borish kabilar ham ustuvor vazifalar qatorida belgilanmoqda.

– Bugun nafaqat parlamentimiz, balki mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy hayotida muhim tarixiy kunlardan biri sifatida tarixga muhrlanadigan bo‘ldi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova. – Sababi, parlamentimiz quyi palatasida muhim tuzilma – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi qo‘mita tashkil etildi. Darhaqiqat, hozirda mamlakatimizda insonning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, umuman, barcha sohadagi islohotlarni ro‘yobga chiqarish uchun, birinchi navbatda, taraqqiyot kushandasi hisoblangan korrupsiyaga butkul chek qo‘yish talab etiladi. Shu ma’noda, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan bir qatorda, parlament darajasida e’tibor qaratilishi bunday jirkanch illatga murosasiz bo‘lishda, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari bu illatga qarshi kurashish markazi Parlamentda bo‘lishi kerak, degan ma’noda qo‘mita tuzilishini taklif etdilar. Demak, biz – deputatlar bu harakatlar tizimida ibrat bo‘lishimiz kerak. Shu ma’noda, eng diqqatga sazovor ishimiz shundaki, palatada endi har qanday havolaki normalardan xoli bo‘lgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar qabul qilina boshlaydi. Bu esa turli idoraviy manfaatlar qamrab olingan, korrupsiyaga olib keluvchi hujjatlarga barham berishi aniq.

Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosariga «Farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiya qilishning holati hamda ushbu sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlarning bahs-munozarasiga sabab bo‘lgan ushbu parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, mamlakatimizda farmasevtika sanoatini rivojlantirish, sohaga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay sharoit yaratish, mahalliy dorivor vositalar xomashyosini chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qator loyihalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida tarmoqlar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda farmasevtika sohasida 18 ta yangi loyihani hayottga tatbiq etish belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi farmoniga binoan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etildi. Ular tomonidan bir qator diqqatga molik loyihalarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Biroq, deputatlar ta’kidlaganidek, ayni paytda bu kabi ishlar bilan birga, farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator muammolar mavjud. Hududlarda deputatlar tomonidan o‘rganishlar qabul qilingan qonun hujjatlarini, xususan, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini sifatli va to‘liq ijro etish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayotganini, rejalashtirilgan ayrim loyihalarni amalga oshirish muddatlari kechikayotganini, mas’ul organlar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik yetishmayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, farmasevtika sohasida erkin iqtisodiy zonalarni barpo etishning tashkiliy-huquqiy masalalarini hal qilishda oqsoqliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Ularning faoliyatini moliyalashtirishda ham aniq manba va mexanizmlar belgilanmagani sababli turli muammolar yuzaga kelmoqda.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan yer uchastkalarining belgilangan talablarga muvofiqligi, transport, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish infratuzilmasining to‘liq ta’minlanmasdan qolishining sabab va omillarini ham muhokama etib, tahlil qildilar. Sohadagi mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan ilgari surilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

O‘zA
738