Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 20:32 Chop etish versiyasi

Yangi qonun loyihasi muhokamada

«Poytaxt» biznes markazida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan «Davlat va xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirliklar va idoralar mas’ul xodimlari, BMT Taraqqiyot dasturi, xalqaro moliya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri B.Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari N.Jo‘rayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan «Davlat va xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun ikki tomonlama sheriklik shakllarini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ishtirokchilarni Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Davlat va xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi bilan tanishtirish, qonun loyihasining asosiy qoidalari bo‘yicha ishtirokchilar bilan fikr almashish, shuningdek, O‘zbekistondagi davlat va xususiy sheriklik tajriba loyihalarini amalga oshirishdan iborat.

Qonun loyihasida davlat va xususiy sheriklik tushunchasi, vazifalari va asosiy yo‘nalishlari, mazkur sheriklik ishtirokchilari doirasi, ularning huquq va majburiyatlari, ushbu sheriklik loyihalari doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Davra suhbatida hamkorlik loyihalarini amalga oshirishning samarali mexanizmlarini yaratish masalasi muhokama qilindi. Xususan, davlat va xususiy sheriklik strategiyasini ishlab chiqish, mazkur sohasidagi loyihalarni rag‘batlantirish va monitoring qilish uchun mas’ul organni aniqlash zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat va xususiy hamkorlikni rivojlantirishning zamonaviy integral huquqiy asoslarini shakllantirish jamiyatning ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish uchun davlat va xususiy sektor resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi.

Davra suhbatida vazirlik va idoralar vakillari o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi.

Shaxnoza Mamaturopova, O‘zA
6 496