O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 19:27 Chop etish versiyasi

Yangi qonun hujjatlari – jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi

Yangi qonun hujjatlari – jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi Qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish boʻyicha navbatdagi “Adliya axboroti” brifingi tashkil etildi.

Brifingda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva joriy hafta davomida qabul qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyati boʻyicha maʼlumot berdi.

Yakuniga yetayotgan haftada Prezidentimizning 3 farmoni, 6 qarori va Vazirlar Mahkamasining 5 qarori qabul qilindi.

Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish choralariga oid Prezident farmoniga muvofiq 81 idoralararo komissiyalar, ishchi guruhlar tugatilib, ularning vazifalari tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazildi. Bundan tashqari, 25 idoralararo komissiyalar ishi qayta koʻrib chiqilib, optimallashtirildi.

Pasport tizimi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid Prezident farmoniga asosan fuqarolar doimiy roʻyxati mavjud boʻlmaganida, oldingi doimiy roʻyxatda turadigan joyidagi, propiskaga oid maʼlumotlar mavjud boʻlmagan hollarda oʻzi turgan joyidagi maʼlumotlarni yigʻish punktiga (pasport stolga) murojaat qilishi mumkin. Mazkur hujjat bilan yoʻqotilgan pasport oʻrniga pasport berish tartibi ham belgilandi.

Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha Prezident farmoniga koʻra, endilikda xalq taʼlimi boshqarmalari rahbarlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari, maktab direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalasi hokimlar bilan kelishilmaydi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab maktablarda ishlayotgan pensioner xodimlarga pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi.

Prezidentimizning ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etishga oid qarori bilan ichki ishlar organlarining hududiy, harbiy va sohaviy tuzilmalari, shuningdek, idoraviy oliy taʼlim muassasalaridagi xavfsizlik boʻlinmalari ichki ishlar vaziri boʻysunuviga oʻtkazildi. Barcha darajadagi ichki ishlar organlari boshliqlari boʻysunuvidagi shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy ishlar, shuningdek, ularning oilaviy-maishiy muammolarini doimiy oʻrganish va hal etish boʻyicha ishlar samaradorligi uchun endilikda vazir shaxsan javobgar hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, Muzeylar renovatsiya dasturi eksperiment sifatida amalga oshiriladi.

Prezidentimizning chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirishga doir qaroriga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) boshqa davlatlardan kelgan va doimiy propiska qilinish huquqiga ega boʻlgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati tasdiqlandi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga oid Prezident qarori bilan Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish fondi tashkil etildi.

Kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qaroriga koʻra, kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar Oʻzbekiston hududida shoʻʼba yoki boshqa turdagi tashkilotlarini ochish asosida faqatgina chet el yuridik shaxslariga beriladi.

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid Prezident qaroriga muvofiq, “Oʻzagrotexmash” aksiyadorlik jamiyatini “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatiga oʻrnatilgan tartibda birlashtirish orqali ularning takrorlanuvchi vazifa va tuzilmalarini optimallashtirildi. “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati “Oʻzagrotexsanoatxolding” tashkiliy tuzilmasidan chiqarildi.

Vazirlar Mahkamasining Fuqarolar yigʻinlarida sportning futbol turini yanada rivojlantirish hamda fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari – yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilarni moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlariga oid qarori bilan har bir mahallada futbol maydonlari tashkil etiladi.

Qarorga muvofiq “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi hamda mahallalarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida zamonaviy futbol maydonlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizom bilan mahallalarda futbol maydonlarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini bepul asosda ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasining aholi punktlarida ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini yanada yaxshilashga oid qarorga muvofiq, 2018 – 2019 yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlandi.

Ichki ishlar organlarining patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlarining jamoat tartibini muhofaza qilishda oʻrnak koʻrsatgan xodimlariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini sotib olish uchun imtiyozli kredit berish tartibi joriy etildi.

Vazirlar Mahkamasining yoʻl harakati xavfsizligi kunini oʻtkazish va yoʻl-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirishga oid qaroriga muvofiq, “Yoʻl harakati xavfsizligi targʻibot kuni”ni oʻtkazish boʻyicha dastur tasdiqlandi. Ushbu hujjat bilan Ichki ishlar vazirligining tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda keng jamoatchilik ishtirokida har oyning uchinchi juma kunida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyishi belgilandi.

2018 yil hosili paxta xom ashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qarori bilan paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 ming soʻm xizmat haqi toʻlash; paxta xom ashyosining qoʻlda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 soʻm, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha – 850 soʻm, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda – 1000 soʻm mehnat haqi toʻlash belgilandi.

Shu mavsumdan boshlab paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamgʻarmasi uchun sugʻurta badallari undirilmaydi. Shuningdek, qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018 yil paxta hosilini yordamchi kuchlarisiz (hasharchilarsiz) terib oladigan 34 tuman roʻyxati ham keltirilgan.

Qabul qilingan qonun hujjatlari xalqimizga manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

OʻzA