O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Yangi qaror toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati rivojiga xizmat qiladi

Yangi qaror toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati rivojiga xizmat qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazida qonun hujjatlarining jamiyatimiz hayotidagi ahamiyatini aholiga yetkazish boʻyicha “Qonunchilikdagi yangiliklar” turkumida navbatdagi brifing tashkil etildi.

Unda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi mutaxassislari Prezidentimizning 2019 yil 12 fevraldagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati xususida maʼlumot berdi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida yuqori va barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hududlarda sohaga oid loyihalarni amalga oshirish hisobiga yuqori texnologiyali yangi ish oʻrinlarini yaratish, korxonalarni texnik va texnologik yangilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi qarorga binoan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, toʻqimachilikda yarim tayyor mahsulotlarni chuqur qayta ishlashga investitsiyalar hajmini va tayyor mahsulotlar eksportini oshirish maqsadida 2019 yil 1 apreldan bir qator yangi tartiblar oʻrnatiladigan boʻldi. Unga koʻra, 2019-2021 yillarda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotning kamida 80 foizini eksport qiladigan tikuv-trikotaj korxonalariga tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foizlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Jumladan, aylanma mablagʻlarni toʻldirish (tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ip-kalava, trikotaj mato, ip gazlama va boshqalar xarid qilish) maqsadida tijorat banklari tomonidan milliy valyutada beriladigan kreditlar boʻyicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori boʻlmagan holda boʻladi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish (bino va asbob-uskunalarni sotib olish) maqsadida tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada beriladigan kreditlar boʻyicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida qilib belgilandi.

Shuningdek, mazkur hujjat boʻyicha 2019 yil hosilidan boshlab respublika tashkilotlariga paxta tolasini sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi jahon bozorlarida shakllangan narxlardan qatʼi nazar, paxta tolasining amaldagi sotish narxidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Tadbirda soha xodimlari 2019-2025yillarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish Konsepsiyasiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

– Mazkur konsepsiya bir qator yoʻnalishlarni qamrab olgan, – deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi moliyaviy-iqtisodiy tahlil boʻlimi boshligʻi Anvar Karayev. – Kompleks yondashuv asosida xom ashyoni qayta ishlash, tayyor mahsulotni, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda qoʻllab-quvvatlash asosida ishlab chiqarish va eksport qilish, toʻqimachilik mahsulotlarini sotishning ichki va tashqi bozorlari tadqiq qilinadi. Shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda mahsulotlar raqobatbardoshligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, qoʻshimcha qiymat yaratishning yagona zanjiri tuziladi.

Tadbirda mutaxassislar yakunlanayotgan hafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlari boʻyicha axborot berdi. Mavzu yuzasidan jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

2 541
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA muxbiri