O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Yangi Oʻzbekistonning madaniyati yuksaladi

Yangi Oʻzbekistonning madaniyati yuksaladi
Munosabat

Yangi Oʻzbekistonimizda barcha sohalar qatori madaniyat va sanʼat rivojiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Boy madaniy merosimizni tiklash va oʻrganish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar, oʻtkazilayotgan xalqaro tadbirlar, yangi ijodiy maktablar, ilmiy markazlar tashkil etilayotgani, isteʼdodli yoshlarimizning iqtidorini yuzaga chiqarishdagi amaliy saʼy-harakatlar bunga yaqqol misoldir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori madaniyat va sanʼat sohasida haqiqiy maʼnoda renesans-uygʻonish davri boshlanganidan darak beradi.

Bungacha ham ushbu sohaga oid bir qator qonunchilik hujjatlari qabul qilingan. Ammo Prezidentimizning yangi farmoni va qarori chin maʼnoda ijodkorlar, soha vakillarining haq-huquqlarini himoya qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Tarixan madaniyati yuksak xalqimizning, ayniqsa, Olot va Qorakoʻldagi tabiiy ofat va Sardobadagi fojiadan soʻng yana ham birlashib, oʻzbek millatining madaniyatli va birdamligini, mustahkam, maʼnaviy dunyosi keng ekanini namoyon etganini butun dunyo koʻrdi.

Bilamizki, har bir jabhada yoshlar masalasiga katta eʼtibor bilan yondashiladi. Mazkur hujjatlar asosida madaniyat va sanʼat sohasida ijod qilayotgan yoshlardan konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yigʻim bekor qilinishi, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma tartibi joriy etilishi ham sanʼatkorlar uchun berilgan katta imkoniyatdir.

Bugun yangi Oʻzbekistonda madaniy yuksalishga alohida urgʻu berilyapti. Boy milliy madaniy merosimizni, ayniqsa, noyob eksponatlar, durdona asarlar, milliy hunarmandchilik namunalarimizni muzeylarimiz orqali dunyoga namoyon etmoqdamiz. Qolaversa, har oyning birinchi yakshanbasi muzeylarda “Ochiq eshiklar kuni” deb eʼlon qilinishi, unda fuqarolar davlat muzeylariga bepul kiritilishi xalqimizning ilm-maʼrifat orqali madaniyatini kuchaytirish, boy merosimizni targʻib qilishga qaratilgan.

Teatrlar faoliyatida ham muhim eʼtiborga molik oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Xususiy teatrlarni, teatr-studiyalarni rivojlantirish yangi bosqichga koʻtariladi. Ushbu hujjatlar bilan Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni joriy yilning 1-sentyabridan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat berildi.

Shu oʻrinda 1928-yilda Toshpoʻlat Doniyorov asos solgan Oʻrta Osiyoda birinchi qoʻgʻirchoq teatri truppasi negizida tashkil topgan Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri nomi berilgani, qoʻgʻirchoq teatri mavjud boʻlmagan viloyatlarda ushbu teatrlarning tashkil etilishi ham juda ahamiyatlidir.

Insoniyat tarixidan maʼlumki, teatr butun bir jamiyatni tabiyalovchi sifatida oʻziga xos ahamiyat kasb etib kelgan. Bugungi kunda teatrning millat tarbiyachisi degan nufuzini tiklash borasida bu soha faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan eʼtibor teatrlar yangi bosqichda, keng qamrovda taraqqiy etishiga zamin yaratadi.

Shu kunga qadar mamlakatimizda barcha soha vakillari uchun kasb bayrami kunlari belgilangan. Ammo xalqaro miqyosda “15-aprel – Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” sifatida nishonlansada, bizda rasman qayd etilmagan edi. Farmonga koʻra, madaniyat va sanʼatning jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 15-aprel sanasini “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisida aniq takliflar ilgari surildi. Mazkur sohada faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlardan tortib, har bir ijodiy va texnik xodimlarning kasb bayrami sifatida ushbu kunni nishonlashi bizning ishchanligimizni, fidoiyligimizni, ijodda sermahsulligimizni yana-da oshiradi.

Zero, eʼtibor va eʼtirof bizni har qanday oliy mukofotdan koʻproq ruhlantiradi. Biz madaniyat va sanʼat vakillariga ishonch bildirib, masʼuliyat va burchimizni sidqidildan bajarishimizga undayotgan, keng imkoniyatlar yaratib berayotgan muhtaram Yurtboshimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Hukumatimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun qatʼiyat bilan bor kuchimizni safarbar qilib, madaniyatli xalq, jamiyat va davlat sifatida dunyoga ibrat boʻlgulik yuqori marralarni albatta zabt etamiz.

Ozodbek NAZARBEKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.

903
OʻzA