O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!

Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!

Andijon viloyati Buloqboshi tumani madaniyat va istirohat bogʻida “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida saylovoldi targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi. Ayni kunda siyosiy partiyalar tomonidan joylarda saylovoldi targʻibot tadbirlarini oʻtkazish qizgʻin pallaga kirdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat hamda Buloqboshi tuman kengashlari hamkorligida yangicha gʻoya, yangicha qarashlar, oʻziga xos, interaktiv usullar asosida tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida oʻtkazilgan targʻibot tadbirida mahalla fuqarolar yigʻinlari vakillari, yoshlar, partiya xayrixohlari, shuningdek, tuman madaniyat markazi, “Nuroniy” hamda “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmalari tuman boʻlimlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq” kodeksi mazmun-mohiyati, saylovlar butunlay yangicha muhit, yangicha huquqiy sharoitda oʻtishi, ushbu siyosiy jarayonga partiya tomonidan puxta tayyorgarlik koʻrilayotganini taʼkidladi. Partiyaning saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy gʻoya va vazifalar haqida ishtirokchilarga keng maʼlumotlar berildi.

– Targʻibot tadbirining asosiy maqsadi OʻzLiDePning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan oʻrni, mavqei, ilgari surayotgan gʻoya va maqsadlarini saylovchilar hamda aholining keng qatlamiga yetkazishdan iborat, – deydi OʻzLiDeP viloyat kengashi raisi Hamidjon Omonov. – Bu albatta, eng avvalo, partiyamiz nufuzini oshirishga, boʻlajak saylovlarda nomzodlarimizning koʻp ovoz olishida muhim rol oʻynaydi.

Targʻibot tadbiri doirasida Bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari, tuman madaniyat markazi sanʼatkorlari tomonidan namoyish etilgan madaniy dastur, ayniqsa, “Millioner” quvnoqlar va zukkolar jamoasining chiqishi barchaga xush kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbir davomida tashkil etilgan “OʻzLiDeP omadli lotereyasi” oʻyinida 50 dan ziyod turdagi esdalik sovgʻalar baxtli raqam egalariga topshirildi.

Saylovga oid chaqiriqlar, partiyaning shiorlari yozilgan pannolar, OʻzLiDeP ramzi tushirilgan bayroqlar, liboslar maydonga bayramona ruh bagʻishladi.


617
F.UBAYDULLAYEV, OʻzA