O‘zA O`zbek

02.08.2020 Chop etish versiyasi

Yangi Oʻzbekistonni birga quramiz

Yangi Oʻzbekistonni birga quramiz

Prezidentimizning 2017-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti xodimlari kunini nishonlash toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi.

Bugun mamlakatimiz temiryoʻlchilari ushbu sanani toʻrtinchi marta rasmiy tarzda nishonlamoqda. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Hosilov buyrugʻi bilan 36 nafar sohada uzoq yil davomida samarali mehnat qilgan kasb egalari “Faxriy temiryoʻlchi” belgisi bilan, 450 nafari faxriy yorliq hamda 225 tasi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston temiryoʻlchilari va transport quruvchilari Respublika Kengashi tomonidan kasb bayrami munosabati bilan 150 nafardan ortiq eng ilgʻor temiryoʻlchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi. Boshqaruv raisi buyrugʻiga koʻra boshqarmalarda, tarmoq korxonalarida komissiyalar tuzilib, bayram munosabati bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati nomidan faxriy yorliq, qimmatbaho sovgʻa hamda boshqa mukofotlarni topshirish tadbirlari sanitariya-epidemiologiya meʼyorlariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazildi.

Bugun Oʻzbekiston katta bunyodkorlik, qurilish maydoniga aylangan, deyishimiz mumkin. Shaharu qishloqlar, mahallalar obod boʻlib, yurtimiz mutlaqo oʻzgacha qiyofaga kirib bormoqda. Har sohada tubdan oʻzgarish, yangilanishlar roʻy bermoqda. Bu ishlarda mamlakatimiz transport tizimi xodimlarining ham munosib hissasi borligi esa bu sohada faoliyat koʻrsatayotgan har bir temiryoʻlchining qalbini gʻururga toʻldiradi.

2020-yil Oʻzbekiston temiryoʻlchilari uchun koʻplab bunyodkorliklarga boy yil sifatida tarixga muhrlanmoqda. Birgina Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorliklarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, temiryoʻlchilar Toshkent metropolitenining yer usti Doʻstlik-2 – Qoʻyliq yoʻnalishida jami 11 kilometrlik yangi yoʻllar va 7 ta bekat barpo etilib, qurilish ishlarining 1-bosqichi toʻliq yakuniga yetdi. Yer osti metrosining Yunusobod yoʻnalishi 2-bosqichida umumiy uzunligi 2,9 kilometr hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlarida ham barcha qurilish ishlari tugatilib, yangi bekatlar barpo etildi. Ayni paytda esa qariyb 7 kilometrlik yer usti Sergeli yoʻnalishida “Chosh-tepa”, “Toshkent halqa yoʻli”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” bekatlari qurilib, relslarni oʻrnatish ishlari davom ettirilmoqda.

Poytaxtimiz Toshkentda yana bir mega loyiha – ilk bor uch pogʻonali transport yechimi jamiyatning “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi jamoasi tomonidan qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Ayni paytda esa koʻpriksozlar tomonidan Sergeli tumani Qipchoq koʻchasidagi Toshkent – Angren temir yoʻli ustidan yana bir yoʻl oʻtkazgich qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Bu ulugʻvor bunyodkorlik ishlarida soha xodimlari fidoyilik bilan mehnat qilayotgani sifat va samaradorlikka erishib, muvaffaqiyatning bosh omili boʻlmoqda. Namangan shahrida yangi bunyod etilgan Namangan temir yoʻl vokzali ham shahar aholisiga katta sovgʻa boʻldi. Ushbu zamonaviy vokzal qadim shaharning bosh darvozasiga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida temiryoʻlchilar tomonidan barpo etilayotgan yangi aeroport qurilishi ham nihoyasiga yetayotir.

Toʻgʻri 2020-yil nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo davlatlari uchun ogʻir sinovli damlar bilan oʻtayotir. Dunyo mamlakatlarini esankiratib qoʻyayotgan koronavirus pandemiyasi jahonning barcha mamlakatlariga kirib borib, ijtimoiy, iqtisodiy talofat yetkazmoqda. Afsuski Oʻzbekistonga ham ushbu vabo mart oyida kirib keldi. Xalqimiz salomatligini saqlash maqsadida karantin choralari joriy etildi. Bu esa oʻz-oʻzidan temir yoʻl tizimiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Koʻplab tarmoq korxonalarida ishchi-xodimlar masofadan ishlashga oʻtdi. Garchi temir yoʻl transporti orqali yoʻlovchi tashish vaqtincha toʻxtatilgan boʻlsada, mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda yuk tashish hajmi ortib, qoʻshimcha imtiyozlar berildi. Ayniqsa, mamlakatimiz hududiga mahalliy yoʻnalishlar boʻyicha aholi uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yuk vagonlarida yetkazib berishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Respublikamiz hududiga kirib kelayotgan barcha yuk vagonlari, tranzit poyezdlar barcha chegara hududlarida, har bir stansiyalarda qatʼiy talablar asosida dezinfeksiya qilinmoqda.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalarda ishchi-xodimlarning salomatligini muhofaza qilish bosh maqsadga aylangan. Ayni kunlarda tizimdagi barcha ishlab chiqarish obyektlarida dezinfeksiya ishlari kunlik olib borilmoqda. Xususan, tarmoqning barcha boshqarmalari va korxonalari hududiga kirib-chiqish punktlarida teplovizorlar bilan taʼminlangan postlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ishchi-xodimlar uchun tibbiy niqoblar, himoya qoʻlqoplari hamda antiseptik vositalar tarqatildi. Xodimlar obyektlarga belgilangan tartibdagi tibbiy koʻrikdan soʻng kiritilmoqda. Muassasa va stansiyalardagi xodimlarga koronavirus tarqalishining oldini olish toʻgʻrisida temir yoʻl tibbiyot boʻlimi xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Bundan tashqari, korxona va tashkilotlarning barchasida tezkor shtablar tashkil etilgan boʻlib, kunu tun navbatchilik tashkil etilgan va tegishli yoʻriqnomalarga asosan ishlar olib borilmoqda. Kunlik ishga keluvchi ishchi-xodimlarning sogʻligi nazoratga olingan. Har bir shtabda maxsus izolyator xonalari tashkil etilgan va kerakli jihozlar bilan taʼminlangan. Karantin paytida xizmat koʻrsatishning uzluksizligini taʼminlash maqsadida ishga jalb qilingan xodimlarning doimiy ravishda himoya niqobida boʻlishlari, gigiyena talablariga amal qilishlariga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Ishchilarning ishga kelib ketishini taʼminlash maqsadida xizmat mashinalari, avtobuslar ajratilgan. Ushbu talablar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining barcha tizimidagi korxona va tashkilotlarning uzluksiz faoliyat koʻrsatishiga muhim asos boʻlmoqda.

Eʼtirof etish lozimki, ushbu kasallikka qarshi kurashda temiryoʻlchilar ham tom maʼnoda matonat koʻrsatmoqda. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “COVID-19” ga qarshi kurashda“Oʻzbekiston mehr-shavqat va salomatlik” jamoat fondiga 1 milliard soʻm mablagʻ oʻtkazildi. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ham temiryoʻlchilar tomonidan bunyod etilgan shifoxona qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Qoʻshni davlatlar bilan karantin tufayli chegaralar yopilgan boʻlsada, taransport kommunikatsiyalarida, tranzit yuk mahsulotlarini oʻtkazishda natijalar yana-da yaxshilanib bormoqda. Buni joriy yilning 25-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash va izchil rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishida taʼkidlaganidek, temir yoʻl transportida amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar soha xodimlari oldiga yana-da masʼuliyatli topshiriqlarni qoʻydi.

Yigʻilishda pandemiya davrida temir yoʻl orqali yuk tashishga talab keskin koʻpaygani, xususan, xalqaro yuk tashuvlarida temir yoʻlning ulushi 75 foizdan 87 foizga oshgani, bu xizmatlar sifatini yaxshilash va tannarxni tushirish orqali mijozlarni koʻpaytirish uchun yaxshi imkoniyat ekanligi aytib oʻtilgan edi. Oʻtgan vaqt davomida sohada olib borilayotgan istiqbolli jarayonlar transportda asosiy daromad yuk tashish va tranzit imkoniyatlariga bogʻliqligi uchun mahalliy va eksport hamda import yuklarni manzilga yetkazish, ayniqsa, yurtimiz hududidan tranzit poyezdlar qatnovi sonini oshirishda belgilangan tariflar narxini pasaytirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Buning uchun esa yuk poyezdlarini manzilga yetkazishda zamonaviy va sifatli lokomotivlar juda zarur. Bugungi kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi uchastka yoʻllarida yuk va yoʻlovchi poyezdlariga Rossiya Federatsiyasi hamda Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan zamonaviy elektrovozlardan foydalanilmoqda.Ularning soni yil sayin oshmoqda.

Xususan, 2018-yilda Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan 2-ta 3ES5K rusumli uch kuzovlik yangi elektrovozlar ishga tushdi. Ushbu elektrovozlar 1520 mm koleyali temir yoʻllarida yuk poyezdlarini tashishga, bir fazali oʻzgaruvchan elektr toki orqali, 50 Gs nominal chastota bilan, nominal 25000 V kuchlanish orqali ishlashga moʻljallangan.

Osiyo Taraqqiyot bankining mablagʻlarini jalb qilish dasturiga asosan 2020-2022-yillarda “24 ta lokomotiv sotib olish yoʻli bilan lokomotiv parkini yangilash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Oʻtkazilgan xalqaro tender natijalariga koʻra SNTIC-CRR-DRLOCO (Xitoy) konsorsiumi bilan 24 ta elektrovozni sotib olish boʻyicha shartnoma imzolangan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining ”Novocherkask” lokomotiv qurish zavodidan 5 ta yuk elektrovozlarini xarid qilish rejalashtirilgan. Yaqinda ushbu zamonaviy elektrovozlarning ikkitasi yurtimizga keltirildi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati qoʻshni davlatlar bilan temir yoʻl orqali yuk tashish, tranzit poyezdlarini oʻtkazish borasida koʻp tomonlama hamkorlik aloqalarini yil sayin rivojlantirishga katta ahamiyat qaratmoqda. Buning natijasida esa xalqaro yuk tashish yoʻnalishlari (koridor) boʻyicha samarali ishlar tashkil qilindi. Bugun 13 ta yoʻnalish (koridor) boʻyicha yuk tashuvlar doimiy ravishda amalga oshirilmoqda. Xorijiy mamlakatlarning 19 ta portiga yuklarni yetkazib berish ishlari davom etmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, yuk va yoʻlovchi tashish sohasining eng muhim boʻgʻini boʻlgan temir yoʻl transporti tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, xalqaro hamkorliklarning tobora rivojlanib borishi, lokomotiv va vagon parkining yangilanishi uchun tashlanayotgan ildam qadamlar, jalb qilinayotgan investitsiya mablagʻlari kelgusida ham ushbu sohani nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqamizda eng muhim strategik ahamiyatga ega transport tizimi sifatida yetakchilik qilishiga zamin yaratadi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiriga aylangan temir yoʻl tizimida faoliyat koʻrsatayotgan kasb xodimlarining mehnati, amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlari, erishilayotgan yutuqlari va shaharlarimizni yana-da koʻrkam, obod boʻlishida qoʻshayotgan hissalari eʼtirof etiladigan kun – kasb bayramingiz muborak boʻlsin, aziz temiryoʻlchilar.

3 024
Rustam HAYDAROV, OʻzA