O‘zA O`zbek

06.09.2018 09:56 Chop etish versiyasi

Yangi oʻquv yiliga ulkan maqsadlar bilan

Yangi oʻquv yiliga ulkan maqsadlar bilan

Bugun mamlakatimizning barcha taʼlim muassasalarida boʻlgani kabi Namangan muhandislik-texnologiya institutida ham 2018/2019-oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi.

64287d60-6e18-4f47-a26a-c1c32e2e3a2d.jpg

Institut rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Odiljon Mamatkarimov ustoz-muallimlar va talaba-yoshlarni mustaqillik bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar jarayonida oliy taʼlimning sifat-samaradorligini oshirish, mazkur sohaga tatbiq etilayotgan yangiliklar haqida atroflicha toʻxtaldi. Yangi oʻquv yili institut tarixida ulkan oʻzgarishlar yili boʻlishi, ayniqsa, rivojlangan xorijiy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda ulkan rejalar amalga oshirilishi taʼkidladi.

Institut professori, iqtisod fanlari doktori Ahmadjon Soliyev oʻz soʻzida keyingi ikki yil ichida taʼlim jabhasida tub burilish yasalgani, bu borada ijobiy oʻzgarishlar yaqqol koʻzga tashlanayotganini qayd etdi va bunday imkoniyatlardan yoshlarni oqilona foydalanishga chaqirdi.

Yangi oʻquv yilida talabalik baxtiga muyassar boʻlgan, yengil sanoat texnologiya fakultetida tahsil oladigan Zulfizar Mullajonova yangicha uslubdagi test sinovlari shaffoflik va adolat tamoyillari asosida oʻtkazilganligini aytdi, yosh avlod kamoloti yoʻlida qaratilayotgan yuksak eʼtibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

“Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” gʻoyasi asosidagi “Mustaqillik darsi” va “Maʼnaviyat soati”da 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, Prezidentimizning mustaqilligimizning 27 yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga qaratilgan qarori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi hamda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ilgari surilgan gʻoyalar xususida soʻz yuritildi.

Maʼlumot oʻrnida, institutda 3 mingga yaqin talaba 19 ta taʼlim yoʻnalishida yangi oʻquv yilini koʻtarinki kayfiyatda boshladi. Yangi 3 ta taʼlim yoʻnalishi va 2 ta magistratura mutaxassisligi ochildi. Xususan, Prezidentimizning 2017 yilning iyul oyida viloyatimizga qilgan tashrifi chogʻida bergan tavsiya-koʻrsatmalaridan kelib chiqqan holda gulchilikka qiziqqan 40 nafar oʻgʻil-qiz manzarali bogʻdorchilik va koʻkalamzorlashtirish taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabalikka qabul qilindi.

Oqilxon Dadaboyev

O'zA
2 679