O‘zA O`zbek

02.09.2018 09:00 Chop etish versiyasi

Yangi oʻquv yiliga har jihatdan puxta tayyorgarlik koʻrildi

Yangi oʻquv yiliga har jihatdan puxta tayyorgarlik koʻrildi
Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Xorazm viloyati tuman va shaharlarida tashkil etilgan “Maktab yarmarkalari” faoliyati davom etmoqda.

Qoʻshkoʻpir tumaning besh qulay hududida ana shunday yarmarkalar ishlab turibdi. Savdo yarmarkasidagi barcha oʻquv qurollarining sifati, dizayni oʻquvchilar didi va dunyoqarashiga mosligi, xaridorga tanlash imkoniyati kengligi bilan ahamiyatli. Ushbu mahsulotlarning asosiy qismi yurtimizda ishlab chiqarilgan va sifati talab darajasida. Mahsulotlar sohaga aloqador mutasaddi tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida keltirilayotgani narxlar barqarorligini taʼminlamoqda. Bu sharoitlardan ota-onalar mamnun.

– Maktabga boradigan uchta farzandimni yetaklab bozorga bormadim, ovora boʻlmadim, – deydi Qoʻshkoʻpir tumani Oʻrta qishloq mahallasida istiqomat qiluvchi Navbahor Bobojonova. – Mahallamizdagi maktabda tashkil etilgan yarmarkaga chiqdik. Narx-navo, masʼhulotlarning sifati kutganimdan ham yaxshi ekan.

Tumanda yangi oʻquv yiliga har jihatdan puxta tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

– Maktabimiz joriy oʻquv yilida 551 nafar oʻquvchiga taʼlim berish uchun shay holatda, – deydi Qoʻshkoʻpir tumanidagi 9-umumtaʼlim maktabi direktori Fotima Bobojonova. – Muassasamiz binosi joriy taʼmirlandi. Oʻquvchilarning davlat tomonidan taʼminlanishi lozim boʻlgan oʻquv qurollari va darsliklar hozirlandi. Maktabimiz hovlisida tashkil qilingan yarmarka 10 sentyabrga qadar davom etishini ota-onalarga eslatib oʻtganmiz.

Ahmadjon Shokirov, OʻzA
1 802