O‘zA O`zbek

30.08.2018 14:51 Chop etish versiyasi

Yangi oʻquv yili – yangilangan maktabda

Yangi oʻquv yili – yangilangan maktabda
Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Fargʻona viloyatida 32 ta umumtaʼlim maktabi kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Buning uchun 54 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi.

“Obod qishloq” dasturi asosida esa viloyatda 33 ta taʼlim maskanida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Yangilangan ushbu taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Shuningdek, 13 taumumtaʼlim maktabida zamonaviy sport zali bunyod etildi.

Qoʻqon shahridagi 15-umumtaʼlim maktabida ham 2 milliard 300 million soʻmga yaqin mablagʻ evaziga kapital taʼmirlash ishlari olib borilib, oʻquvchilarga yangi oʻquv yilida yanada qulay sharoitlar yaratildi. Bunyodkorlik ishlari “Binokor Otabek” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirildi.

– Mamlakatimizda yosh avlodga koʻrsatilayotgan eʼtibor tufayli farzandlarimiz barcha qulayliklarga ega bilim maskanlarida taʼlim-tarbiya olmoqda, – deydi mazkur maktab direktori Shahlo Rasulova. – Bu bizning muassasada olib borilayotgan amaliy ishlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. 1000 nafardan ziyod oʻquvchi taʼlim oladigan maktabimiz butunlay yangi qiyofa kasb etganidan ota-onalar ham gʻoyat xursand.

Maktabda 4 qavatli oʻquv binosi, oshxona, ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yoʻlaklar, yashil xiyobonlar zamonaviy talablar asosida yangilandi. Bilim dargohining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash ishlari davom etmoqda.

Yangi oʻquv yilida 90 nafar oʻgʻil-qiz mazkur maktabning 1-sinfiga qadam qoʻyadi. Ularga ilk saboq qulay sharoit va muhitda boʻlishi uchun sinfxonalarni jihozlashga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, chet tillarni oʻqitish uchun koʻrgazmali vositalar tayyorlandi. Bolalarning dars jarayoniga tez va oson moslashishi uchun barcha sharoit hozirlandi.

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
1 977