O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Yangi o‘quv yili yangicha yondashuvlarga undaydi


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida shu yil 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan olingan taassurotlar ushbu olijanob kasb egalarini o‘z ishiga yangicha nuqtai nazar bilan yondashishga undamoqda.

Bu xalq ta’limi tizimi xodimlariga katta mas’uliyat yukladi. O‘zA muxbiri bu borada sohada faoliyat olib yuritayotgan mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

T.Seydametova, Shumanay tumanidagi 33-ixtisoslashtirilgan maktab direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi:

– Keyingi yillarda ta’lim tizimini isloh qilish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish borasida mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilingani ham yosh avlod tarbiyasi mamlakatimizning kelajagini ta’minlashda muhim omil ekanligining yaqqol isbotidir.

Ayniqsa, pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qilinayotgan katta ishlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Buni bizning maktabimiz misolida ham ko‘rish mumkin. Qoraqalpoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Mehribon Qadrimbetova “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, uning o‘quvchilaridan aksariyati oliy o‘quv yurtlariga davlat granti asosida o‘qishga kirdi.

O‘tgan o‘quv yilini maktabimizdan bir o‘quvchi oltin, bir o‘quvchi kumush medal bilan tamomladi. 
Biz o‘quvchilarimizni ko‘proq kitob o‘qishga o‘rgatsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki kitobga oshno bo‘lgan boladan hech qachon yomonlik chiqmaydi, katta-katta natijalarga erishadi.

T.Palo‘aniyazova, Chimboy tumanidagi 5-umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi:

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi o‘qituvchilarning fidoyi mehnati bilan chambarchas bog‘liq.

Ta’limga qaratilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlangan maktabimiz jamoasi uchun 2018-2019 o‘quv yili muvaffaqiyatli yakunlandi. 11 nafar o‘quvchimiz fan olimpiadasining tuman hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘ldi.

Eng quvonarlisi, maktabimizning 9-sinf o‘quvchisi Damir Dilmuratov Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika musobaqasida mamlakatimiz terma jamoasi safida bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, yangi o‘quv yiliga yangicha yondashuvlar bilan kirishmoqdamiz.

1 597
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA