O‘zA O`zbek

06.09.2018 14:32 Chop etish versiyasi

Yangi oʻquv yili yangi maktabda boshlandi

Yangi oʻquv yili yangi maktabda boshlandi
Buxoro viloyatining Kogon tumani Dehmirzayon va uning atrofidagi qishloqlar oʻquvchilari yangi oʻquv yilini yangidan barpo etilgan 216 oʻrinli maktabda boshladi.

Loyiha qiymati qariyb 3,7 milliard soʻm boʻlgan ushbu 18-umumtaʼlim maktabini qurish ishlari “Gʻijduvon Gʻovshun maxsus qurilish-montaj” MCHJ quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Muassasada oʻquvchilarning fanlarni puxta oʻzlashtirishi uchun zamonaviy sharoit yaratildi. Oʻquv va laboratoriya xonalari, kompyuter sinfi, lingafon kabineti davlat taʼlim standartlari asosida tegishli jihozlar bilan taʼminlandi. Shuningdek, bir paytning oʻzida qator sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud sport zali, stadion bunyod etildi.

– Qishlogʻimizda yangi maktab qurilgani bolalarimiz uchun ham, ota-onalar uchun ham juda qulay boʻldi, – deydi mehnat faxriysi Qosim ota Hamidov. – Shu choqqacha farzandlarimiz uch-toʻrt kilometr uzoqlikdagi maktabga qatnab oʻqir edi. Ayniqsa, yosh bolalar qish paytida shuncha joyga borib kelishda qiynalishardi. Endi oʻzimizning qishloqda ham zamonaviy maktab bor. Bundan ota-onalar xotirjam.

Viloyat umumtaʼlim maktablari moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanmoqda. Davlat investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 13 ta muassasa binosi rekonstruksiya qilindi, 1 ta maktab binosi qurildi, yana bittasi mukammal taʼmirlandi. Ana shu maqsadlarga 30 milliard 813 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bundan tashqari, mahalliy byudjet hisobidan 3 ta umumtaʼlim binosi mukammal taʼmirlandi.

Bugungi kunda Buxoro viloyatidagi 530 ga yaqin umumtaʼlim maktabida 310 ming 680 oʻquvchi taʼlim oladi. Ularning 32 ming 450 nafari bu yil ilk bor maktabga qadam qoʻydi. Birinchi sinf oʻquvchilariga barcha oʻquv qurollaridan iborat “Prezident sovgʻasi” topshirildi.

Erkin Yodgorov, OʻzA
1 668