O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 14:53 Chop etish versiyasi

Yangi oʻquv yili: burch va masʼuliyat davri

Yangi oʻquv yili: burch va masʼuliyat davri
Toshkent temir yoʻl muhandislari institutida Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi va yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Institut rektori Maʼruf Rasulov taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritib, talaba va oʻqituvchilarga yangi oʻquv yilida muvaffaqiyat tiladi.

Bu yil oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlari mutlaqo yangi tizimda amalga oshirildi. Test sinovlarida shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaning oldini olishga alohida eʼtibor qaratildi. Pirovardida bilimli va iqtidorli yoshlar talabalik baxtiga muyassar boʻldi.

Toshkent temir yoʻl muhandislari institutiga bu yil 1350 dan ziyod yosh oʻqishga qabul qilindi. Bu yerda zamonaviy taʼlim olish uchun yetarli shart-sharoit yaratilgan, oʻqituvchilarning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

– Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuksak ilm choʻqqilarini zabt etishga, oʻquv yili mobaynida ustozlarimiz bergan bilimlarni chuqur oʻzlashtirishga, oʻz ustimizda tinimsiz ishlab, yangi marralarni egallashga intilamiz, – deydi 1-bosqich talabasi Shogʻaffor Botirov. – Oʻquv yilining “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori bilan boshlanishi, unda deputatlarning ishtiroki bizni yanada ruhlantirdi.

Mustaqillik darslarida talaba-yoshlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, soha yutuqlari haqida gapirib berildi.

Mohigul Qosimova, OʻzA