O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:19 Chop etish versiyasi

Yangi mazmun va zamonaviy yondashuv

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasi hamda 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi faoliyatiga zamonaviy yondashuv va yangi mazmun olib kirdi.

Ushbu ma’ruzalar asosida partiyaning Toshkent shahar kengashi ish rejasi qaytadan ko‘rib chiqilib, faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi.

Yil boshidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish uchun barcha tumanlar kesimida “Adolat qabulxona”lari ishga tushirildi. Har haftaning chorshanba kuni xalq bilan yuzma-yuz muloqot kuni, deb e’lon qilindi. Mahalliy Kengashlarda ishchi guruhlar tuzilib, unga mas’ul xodimlar va deputatlar jalb qilindi.

“Adolat – qonun ustuvorligida”, “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, “Jamoatchilik nazorati – qonun ustuvorligining garovi”, “Tozalik yo‘lida birlashaylik”, “Siyosiy-huquqiy bilimlarni mustahkamlash – demokratik jamiyat poydevori” kabi qator loyihalar doirasida elektorat manfaatlarini himoya qilish, partiyaning dasturiy vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida samarali ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, partiyaning shahar, tuman kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan ham fuqarolarning murojaatlari, ijtimoiy obyektlarni o‘rganish asosida bugungi kungacha tegishli tashkilotlarga 248 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi. Eng muhim ijtimoiy muammolar yuzasidan shahar, tuman sessiyalariga 16 masala kiritilib, yechimi topildi.

Deputatlar tomonidan joylardagi tibbiyot muassasalarining faoliyatini samarali tashkil etishda to‘siq bo‘layotgan muammolar, shu jumladan, tor soha shifokorlarining va dori-darmonlarning yetishmasligi, moddiy-texnika bazasining talab darajasida emasligi hamda tez tibbiy yordam xizmatidagi kamchiliklar tahlil qilinib, partiya siyosiy kengashiga takliflar berildi.

Bu haqda partiya Toshkent shahar kengashining 2017 yildagi faoliyati sarhisobi hamda joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida axborot berildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 008