O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Yangi markaz eshitishida, nutqida, tayanch harakat aʼzolarida nuqsoni boʻlganlarga yordam beradi

Yangi markaz eshitishida, nutqida, tayanch harakat aʼzolarida nuqsoni boʻlganlarga yordam beradi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakultetida respublikaning maxsus taʼlim sohasi uchun yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan kadrlar tayyorlanadi. Bugungi kunda ushbu dargoh kadrlari respublikamiz maxsus taʼlim sohasining barcha yoʻnalishlari, yaʼni surdopedagogika, logopediya, oligofrenopedagogika sohalarida imkoniyati cheklangan bolalarga taʼlim beruvchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritib kelmokda.

Eʼtiborli jihati shundaki, Maxsus pedagogika fakulteti bitiruvchilariga maxsus maktab-internatlari, umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan ishga qabul qilish boʻyicha oldindan buyurtmalar portfeli miqdori yildan-yilga oshib bormoqda.

Hozirgi kunda fakultetda kunduzgi, kechki, maxsus sirtqi va sirtqi taʼlim yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, magistratura boʻlimida ham oligofrenopedagogika, logopediya, surdopedagogika mutaxassisliklari boʻyicha mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda.

Fakultetda 3 ta kafedra – oligofrenopedagogika, logopediya, surdopedagogika mavjud boʻlib, jami 40 nafardan ortiq professor- oʻqituvchilar faoliyat yuritadi. Talabalarga xorijiy mamlakatlar tajribasidan, xususan, Isroil, Amerika, Rossiya, Ukraina, Kozogʻiston, Litva davlatlaridagi jahon andozalariga mos keladigan defektologiya faniga oid zamonaviy texnologiyalardan, taʼlim-tarbiya usullaridan samarali foydalanib bilim berilmoqda. Shuningdek, pedagogikaning murakkab yoʻnalishi deya nom olgan defektologiya taʼlim yoʻnalishining oʻziga xos talablari, pedagoglik mahorati, mehr va eʼtiborga muhtoj bolalar qalbiga yoʻl topib taʼlim-tarbiya berish usullari hamda intellektida nuqsoni boʻlgan bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash sir-asrorlarini ikki tilda (oʻzbek va rus) oʻrgatib kelmoqdalar.

Fakultetda 40 ga yaqin toʻgarak faoliyat yuritadi. Bu talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda ahamiyatlidir.

Joriy oʻquv yilida surdopedagogika kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan rivojlanishida turli nuqsonlarni korreksiyalash va bartaraf etish maqsadida “Korreksion yordam” markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz – eshitishida, nutqida, aqliy, psixik rivojlanishida, tayanch harakat aʼzolarida nuqsoni boʻlgan hamda koxlear implantli shaxslarga korreksion va psixologik yordam koʻrsatadi.

2019-2020 oʻquv yilida fakultetning oligofrenopedagogika yoʻnalishi talabasi Shahnoza Samatova oʻz bilim va iqtidorini namoyon qilib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. U koʻplab shahar va respublika miqyosidagi tanlovlar sovrindori. Shahnoza Samatova boʻlajak defektolog boʻlishi bilan bir qatorda iqtidorli yosh sportchi hamdir. Jiddiy va samarali harakati, mehnatlari natijasida mamlakatimiz va Osiyo hamda xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. U sportning taekvondo (ITF) turi boʻyicha murabbiy, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.

Umuman olganda, defektologiya yoʻnalishining imkoniyatlari katta. Xorijlik talabalarga shartnoma puli atigi 2 ming 500 dollar boʻlib, ularga barcha sharoit yaratilgan, yotoqxona ham beriladi. Ayniqsa, bu qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistondan kelgan talabalar uchun katta imkoniyat.

2020-2021 oʻquv yilida kunduzgi taʼlim shakli buyicha davlat buyurtmasi asosida Maxsus pedagogika fakultetiga jami 150 nafar talaba qabul qilinadi. Shuningdek, kechki taʼlim shakli boʻyicha davlat buyurtmasi asosida 100 ta oʻringa qabul kvotasi eʼlon qilindi.

Dilorom ADILOVA,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti

Maxsus pedagogika fakulteti dekani oʻrinbosari

1 686
O'zA