O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 20:24 Chop etish versiyasi

Yangi kitoblar armugʻoni

Yangi kitoblar armugʻoni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Adib va jamiyat” rukni ostida nashr etilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Akmal Saidov va boshqalar mamlakatimizda barcha sohalar qatori adabiyot rivojiga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻz yuritdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 avgustdagi ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvidan keyin adabiyotimizda roʻy bergan jonlanish, ijobiy oʻzgarishlar ijodkorlarni Vatan va xalq oldidagi masʼuliyatini his etishga undayotgani, yangi asarlar yaratishga ilhomlantirayotgani taʼkidlandi.

Prezidentning 2018 yil 5 apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada yangi bosqich boshlanishiga huquqiy asos boʻlayotir.

Ana shu eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban yaratilgan bir qator asarlar “Adib va jamiyat” ruknida nashr etildi.

Anvar Obidjonning “Fargʻonaliklar” esse safarnomasi, Eshqobil Shukurning “Bobo soʻz izidan” soʻz haqida tadqiqotlari, Enaxon Siddiqovaning “Barxanlarda ungan gul” liro-epik qissasi, Iqbol Mirzoning “Zarb” qissasi, Mahmud Toirning “Yangilanayotgan Oʻzbekiston” sheʼrlar va maqolalar toʻplami, Shodmonqul Salomning “Koʻngil obidasiga yoʻl” publitsistik maqolalari toʻplami, shuningdek, “Men Oʻzbekiston fuqarosiman” va “Xalq qalbiga yoʻl” maqolalardan iborat toʻplamlar hozirgi oʻzbek adabiyoti rivoji va islohotlarimiz mazmun-mohiyati haqida hikoya qiladi.

Tadbirda ushbu asarlarning dunyoga kelish tarixi, mohiyati haqida soʻz yuritilib, bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtildi.

Gulnoza Boboyeva, Aʼlo Abdullayev (surat) OʻzA