O‘zA O`zbek

12.01.2018 22:26 Chop etish versiyasi

Yangi institut aholi muammolarini hal etishga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oliy Majlis huzurida tashkil etilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan senatorlar, deputatlar, siyosiy partiyalar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlarga mazkur institutning asosiy vazifalari, tuzilmasi, ustuvor yo‘nalishlari va rejalari haqida ma’lumot berildi.

Institutda 37 shtat birligi joriy etilib, 7 bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular turli sohalar bo‘yicha qonunlarni takomillashtirish borasida ish olib boradi. Institut Oliy Majlisga kelayotgan turli takliflarni chuqur tahlil qiladigan ilmiy markaz vazifasini bajaradi.

– O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti ijrosini ko‘rib chiqish, qabul qilish va monitoring qilish tartibi, qonunchilik mexanizmlari va parlament qonunchilik faoliyati, Harakatlar strategiyasining maqsad va vazifalarini hisobga olgan milliy qonunchilik tizimini takomillashtirish, qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qonunlarning ta’sirchanligini oshirish – asosiy maqsadimiz, – deydi institut bo‘lim boshlig‘i Sherzod Zulfiqorov. – Kelgusida qonunlarning amaliyotda qo‘llanilishini baholash mexanizmini ishlab chiqish, parlament faoliyatining metodologik asoslarini yaratish singari loyihalar amalga oshiriladi.

Oliy Majlis huzurida tashkil etilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti yaqin vaqt ichida tadbirkorlik, savdo va ekologiya sohasidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiya qilish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish, qonunlar ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq fuqarolar, tadbirkorlik va iqtisodiyotning ortiqcha byurokratik xarajatlarini bartaraf etishning istiqbolli yo‘llarini topish, jinoiy va jinoiy-protsessual qonunchilikni ishlab chiqish konsepsiyasini yaratishni rejalashtirmoqda.

Iqtisodiyot sohasida amaldagi qonunlarni inventarizatsiya qilish va uning natijalariga ko‘ra, taxminan 10 ta yangi qonun loyihasini tayyorlash belgilangan. Jumladan, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahriri tayyorlanadi.

2018-yilda institut Yevropa parlamenti tadqiqotlari markazi, AQSh, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya parlamentlarining ilmiy muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolashni rejalashtirgan.

Taqdimot ishtirokchilari qayd etganidek, mazkur institutning tashkil etilgani Oliy Majlis faoliyatini tubdan takomillashtirishga, parlament faoliyatida samaradorlikni kuchaytirishga, aholi muammolarini hal etishning ta’sirchan mexanizmini amalda qo‘llashga xizmat qiladi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
8 885