O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 19:42 Chop etish versiyasi

Yangi ijodiy loyiha muxlislarga muntazir

Sentyabr oyi musiqa bayramlari, sanʼat festivallari, kino premyeralari, konsertlarga boy boʻlmoqda. Bularning barchasi mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarni milliy va jahon musiqa merosining eng sara namunalaridan bahramand etish yoʻlida olib borilayotgan ezgu saʼy-harakatlar ifodasidir.

Joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi sanʼat muxlislariga ajoyib sovgʻa ulashadi. Teatr hududiga tutash maydonda ochiq osmon ostidagi navbatdagi musiqiy dastur tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.

“Open Air. Serenadalar, klassik va rok musiqa” deb nomlangan konsert yulduzlarga toʻla osmon ostida, jonli ijroda boʻlishi bilan ahamiyatlidir.

Ikki kun mobaynida ushbu maydonga mumtozmusiqa shinavandalari jam boʻladi. Navbatdagi “Open Air” konserti Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrining yangi 89-ijodiy mavsumi ochilishiga bagʻishlanadi. Xiyobondagi gʻoyat betakror tabiat manzarasi, koʻm-koʻk maysazorlar, azim chinorlar, anvoyi gullar, musiqiy fontan kechaga yanada joziba, fayz va moʻʼjizakor ruhbagʻishlashiga shubha yoʻq.

Bu yerda mazkur teatrning orkestr jamoasi hamda mohir dirijyor Kamoliddin Oʻrinboyev rahbarligidagi Oʻzbekiston yoshlar simfonik orkestri, opera sanʼati yulduzlari, xalqaro tanlovlar sovrindorlari, iqtidorli yoshlar jahon va oʻzbek kompozitorlarining asarlari, kinofilmlarda yangragan kuy-qoʻshiqlar, operalardan ariyalar, zamonaviy musiqa namunalarini sanʼat muxlislari eʼtiboriga havola etadi.

Nazokat Usmonova, OʻzA