Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.08.2018 20:51 Chop etish versiyasi

Yangi hujjatli film suratga olindi

Qurolli Kuchlar akademiyasida Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan “Sarkardalar maktabi. O‘zbekistonda harbiy ta’lim: kecha va bugun” nomli hujjatli film taqdimoti o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi mas’ullari, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, “Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi vakillari, film ijodkorlari, harbiy xizmatchilar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli Vatan himoyachisi etib tarbiyalash borasida amalga oirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Mazkur film Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan tasvirga olingan bo‘lib, unda harbiy bilim yurtining tarixi va bugungi kundagi o‘zgarishlar, yangilanishlarga alohida e’tibor qaratilgan.

– Ushbu film yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi ssenariy muallifi Furqat Ergashev. – Filmni tasvirga olishda mamlakatimizda joriy etilgan harbiy ta’limning yagona tizimida asosiy o‘rinni egallaydigan mazkur akademiya, tom ma’noda harbiy ilm-fan markaziga aylanganini ko‘rsatishga imkon qadar harakat qildik.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan ijodkorlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 398