O‘zA O`zbek

20.08.2018 21:15 Chop etish versiyasi

Yangi hamkorlar, istiqbolli loyihalar

Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev rahbarligidagi viloyat delegatsiyasi xizmat safari bilan Turkiya, Belgiya va Gollandiya mamlakatlarida bo‘ldi.

Safardan asosiy maqsad Prezidentimizning joriy yil 10 iyulda qabul qilingan “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda viloyatning sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarini jadal rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishdir.

Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan o‘nlab uchrashuvlar o‘tkazildi va o‘zaro teng sherikchilikka asoslangan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Tabiiyki, muloqotlar dasturidan “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish masalalari asosiy o‘rin oldi.

– Tashkil etilayotgan agro yo‘nalishidagi erkin iqtisodiy zona uchun ajratilgan 3 ming gektar maydonning 500 gektari bizning hududimizda joylashgan, – deydi Buxoro tumani hokimi Muhiddin Esonov. – Hozirgi paytda Xitoydagi kompaniyalardan biri o‘z loyihasi bo‘yicha taklif kiritdi. Turkiyada mashhur “Varnet Cam Sera” kompaniyasi bilan imzolagan kelishuvimiz ham samarali loyihalardan biridir. Unga ko‘ra, xorijiy tomon tumanda ikki-uch yil mobaynida umumiy qiymati 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritib, jami 140 gektar maydonda bir necha zamonaviy issiqxona barpo etadi.

Issiqxonalar qurish uchun plastik materiallarga ehtiyoj katta. Shuni hisobga olib, Turkiyaning “Imece Plastik” kompaniyasi bilan Romitan tumani hokimligi o‘rtasida tuman hududida plyonka ishlab chiqarish korxonasi qurish yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, tumanda xorijliklar hamkorligida intensiv bog‘larni yanada rivojlantirish loyihasi amalga oshiriladi.

Albatta, safar doirasida yetishtirilgan meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni saqlash masalasi ham e’tiborda bo‘ldi. Xususan, Belgiya qirolligining “BelOrta” kompaniyasi va viloyat mutasaddilari o‘rtasida Buxoroda malakali soha mutaxassislarini jalb etgan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, yig‘ishtirib olish, tashish, saqlash hamda qadoqlash jarayonlarini mujassam etgan loyiha asosida logistika markazi tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga kelishildi.

Gollandiyaning “Geerlots Refrigeration” kompaniyasi bilan meva-sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlarini saqlashga ixtisoslashgan muzlatgichlar barpo etish bo‘yicha Romitan tumani va “Buxoro-agro” EIZ rahbariyati ishtirokida hamkorlik bayoni, bevosita EIZ rahbariyati va “Gakon Yorticultural Projekts” kompaniyasi o‘rtasida meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan muzlatgich kameralari qurish bo‘yicha bitim imzolandi.

Buxoro shahridagi “Maxsus avto xo‘jalik” MCHJ esa “Urban Ponics” kompaniyasi bilan dastlabki tajriba sifatida umumiy qiymati 500 ming AQSH dollari qiymatiga teng zamonaviy vertikal usulda salat bargi yetishtirish bo‘yicha innovatsion issiqxona barpo etish loyihasini amalga oshirish xususida kelishib olindi.

Gollandiyaliklar bilan boshqa sohalarda ham investitsiyaviy aloqa o‘rnatiladigan bo‘ldi. Masalan, “AgroFood Clucter” kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatda kartoshkachilikni rivojlantirish, bu mahsulot urug‘chiligi markazi tashkil etish, “Motenkoning” kompaniyasi tomonidan chorvachilikni ravnaq toptirish, jumladan, 2 ming bosh naslli qoramoletkazib berish, zotli echkichilikni yo‘lga qo‘yish uchun ular parvarishini zamonaviy texnologiyalar asosida joriy etish maqsadida mutaxassislarni jalb qilish sari dastlabki qadam tashlandi.

Viloyat rahbariyati bilan Turkiyaning “Kaan Vartirim Insaat” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv bitimi hamko‘p qirrali bilan ahamiyatlidir. U Shofirkon tumanida qurilish materiallari va Buxoro shahrida hozirda foydalanilmayotgan sobiq uysozlik kombinati negizida yuqori texnologiyali binokorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda Buxoro tumanida 100 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish usulini joriy etgan holda paxta yetishtirish loyihalarini o‘z ichiga olgan. Bu ikki loyihaning umumiy qiymati 35 million AQSH dollarini tashkil etadi.

– Prezidentimiz tomonidan Buxoro shahri va viloyatida turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, sohaning huquqiy hamda tashkiliy asoslari mustahkamlanayotgani samarasida sayyohlik salohiyati yuksalmoqda, – deydi viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Shahriyorov. – Bu haqdagi ma’lumotlar Yevropadagi turizm kompaniyalari rahbarlarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Biz bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi. Bu esa erishilgan kelishuv va bitimlarda o‘z ifodasini topdi.

Jumladan, Turkiyaning “Iris Engineering Tourizm & Trade” kompaniyasi Buxoro shahrida zamonaviy mehmonxona majmuasi va hunarmandlar markazi qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun 25 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish istagini bildirgan. Ushbu mamlakatning Gastronomik turizm assotsiatsiyasi, “Emirate Tour” kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatda qiymati 4 million dollarga teng loyiha asosida turk taomlari restorani ochish niyatini bildirgan. Turkiyaning “Onur Air” aviakompaniyasi esa Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish istagida. Bu viloyatga sayyohlar oqiminiko‘paytirishga xizmat qiladi.

Nafaqat Belgiya, balki Yevropada ham mashhur “Thomas Cook” turistik kompaniyasi ham bu ishga o‘z salohiyatini yo‘naltiradigan bo‘ldi. Dunyoning 17 davlatida vakillari faoliyat ko‘rsatadigan va 20 millionga yaqin sayyoh mijozlari bo‘lgan mazkur subyekt rahbariJan Dekeyser O‘zbekistonga, xususan, Buxoroga har yili 100 ming nafardan ziyod turistni jalb etish yuzasidan mehmonxona va sayyohlik agentlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Turkiya, Belgiya va Gollandiyaga safar davomida jami qiymati 164,6 million AQSH dollariga teng loyihalar yuzasidan bitimlar, bayonnomalar, anglashuv memorandumlari tuzildi va qator kelishuvlarga erishildi.

Xo‘sh, ularning natijadorligi qanday bo‘ladi? Prezidentimiz raisligida joriy yil 29 iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shu jihatga ham jiddiy e’tibor qaratilgan edi. Buxoro delegatsiyasi Yevropaga qilingan safarda har bir bitim va boshqa hujjatlar mazkur yig‘ilishda ilgari surilgan vazifalarga mos holda bo‘lishini nazarda tutdi.

Hozirgi paytda imzolangan hujjatlardagi rejalar, ular asosida tayyorlanadigan loyihalar amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, mas’ullar va ijro muddatlari belgilanmoqda. Har bir loyiha bajarilishi monitoring qilinadi. Jarayonda aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘riladi. Bu esa viloyat iqtisodiyoti taraqqiyotiga erishish, eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omilidir.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 771