O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Yangi davr ilhomlari

Yangi davr ilhomlari

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Toshkent viloyati “TURON” axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan “Yangi davr ilhomlari” deb atalgan 19 nomdagi kitob taqdimoti o‘tkazildi. 

Taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, dramaturglar, talaba-yoshlar va harbiylar ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, shoir Aziz Said, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov va boshqalar bugungi kunda yosh ijodkorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirdi. “Birinchi kitobim” loyihasida kitobi chiqqan 22 nafar yosh ijodkorning badiiy adabiyotdagi o‘rni, shu vaqtga qadar ijodda erishgan yutuqlari va taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblari haqida fikrlar bildirdi. 

–Badiiy adabiyot meni maftun etganiga 10 yildan oshdi. Shu yillar ichida kitob chiqarishga qunt, ishtiyoq topmasdim. Moddiy tomonini o‘ylab esa o‘zimda hafsala bo‘lmas edi, – dedi yosh ijodkor Alisher Boymurodov. – “Soyabon” nomli ilk kitobim menga quvonch va g‘ayrat hadya qildi. Hozir ikkinchi kitobim ustida ishlayapman. Yangi she’rlarimni tahrir qilyapman. Har bir so‘z ustida ishlab she’rlarimga mukammal shakl beryapman. 

To‘plamlar zamonaviy ko‘rinishga ega, rangdor. Kitobning ichi jimjimador bezaklar bilan bezatilgan. Ular orasida farg‘onalik Nozima Habibullaevaning “Moviy qo‘shiq” nomli birinchi kitobida ijodkor o‘z fikrlarini, tuyg‘ularini shunchaki izhor etmagan, ularni rassomning, musiqachining nigohi bilan tasvirlagan. U misralarida dunyoga, tabiatga, ota-onaga, muhabbatga bo‘lgan qarashlarini kutilmagan tashbehlari, o‘xshatishlari bilan ifodalab bergan. Samarqandlik Dadaxon Muhammadievning “Tirik tosh” nomli kitobidagi she’rlarida samimiylik bilan hayrat va isyonlarga sabab bo‘lgan ruh manzaralarini ko‘z oldingizda gavdalantira olishi bilan o‘quvchini o‘ziga torta oladi. Oriyat, armon, javobsiz muhabbatni yozayotgan, hayotga savollari ko‘p bu ijodkorning she’rlarida yolg‘on tuyg‘ular va zo‘riqish yo‘qligi, ifodadagi o‘ziga xoslik hech bir o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Qoraqalpog‘istonlik Bayram Aytmurodning “Qo‘noq” nomli kitobida ham sermazmun hikoyalar o‘rin olgan bo‘lib, unda o‘quvchi bolalikning beg‘ubor nigohini, tanish iztiroblariyu, hayratlarini ko‘rish mumkin. Muallif tomonidan qishloq hayoti manzaralari, odamlarning ichki dunyosi sinchkovlik bilan mushohada qilingan. Joriy yilda “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida 22 nafar yosh qalamkashning har biri 10 ming nusxada nashr etilgan 19 nomdagi kitobning har biri ana shunday xususiyatlarga ega. 

Tadbir nazm va navo ko‘rinishida davom etdi. Yosh ijodkorlar jo‘shib she’r o‘qidi, taniqli xonanda Shuhrat Daryo ijro etgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz ulashdi. Ijodiy kecha ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan kitoblar taqdim etildi. 

2 724
Dilobar MAMATOVA, O‘zA