O‘zA O`zbek

16.02.2018 12:46 Chop etish versiyasi

Yangi boshqarmada ish nimadan boshlandi?

Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora Sa’dinovaga dastlabki savolimiz shunday bo‘ldi.

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-sentabrdagi farmon va qarori bilan yurtimizda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgach, joylarda ushbu vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi N.Sa’dinova. – Samarqand viloyatida ham maktabgacha ta’lim boshqarmasi va 16 tuman, shaharda bo‘limlar ish boshladi. Belgilangan shtatlar jadvali asosida xodimlar ishga qabul qilindi. Boshqarma va bo‘limlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitga ega binolar ajratildi.

Tarkib shakllantirilgandan so‘ng vazirlik, shuningdek, viloyat, tuman va shahar hokimliklari vakillari bilan birga, viloyatda mavjud maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyati, moddiy-texnik bazasi, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.

Buning natijasida viloyatdagi 564 (9 tasi nodavlat) maktabgacha ta’lim muassasasining 50 dan ortig‘ida tibbiyot xonasi mavjud emasligi, 110 ga yaqin bog‘cha atrofi o‘ralmagani, 138 tasining oshxonasi talabga javob bermasligi, 58 tasida musiqa asboblari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. 77 bog‘cha filial sifatida faoliyat ko‘rsatayotgani aniqlanib, ularning 62 tasini yuridik shaxs sifatida, 15 tasini davlat-xususiy sherikchilik asosida qayta tashkil etish bo‘yicha takliflar berildi.

O‘rganish davomida viloyatda mavjud maktabgacha ta’lim muassasalarining 258 tasi moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatayotgani, 95 tasining binosi qoniqarsiz ahvolda ekani ma’lum bo‘ldi. Shu asosda 458 bog‘chani ta’mirlash va kapital rekonstruksiya qilish zarurligi belgilandi.

– Albatta, buncha muassasani bir yilda ta’mirlash qiyin. Lekin joriy yilda nechta binoda ta’mirlash-rekonstruksiya ishlari olib boriladi?

– 2018-yil Investitsiya dasturi bo‘yicha 10 maktabgacha ta’lim muassasasini yangidan qurish, 50 tasini rekonstruksiya qilish va 7 ta bog‘chani kapital ta’mirlash rejalashtirilgan. Manzilli ro‘yxat asosida 43 binoga zamonaviy energiyatejamkor isitish qozonlari o‘rnatiladi. Bundan tashqari, viloyat ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib hamda homiylar yordami bilan muassasalarda tarbiyalanuvchilar uchun munosib sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda Turkiyaning “TIKA” hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyiha bo‘yicha Samarqand shahridagi 6 va Payariq tumanidagi 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

– Davlatimiz rahbarining soha faoliyatini takomillashtirishga oid qarorlari hamda mazkur masala muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlarida davlat-xususiy sheriklik hamda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada viloyatda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Haqiqatdan ham, bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asoslar yaratildi. Tuman va shaharlarda hokimliklar va banklar mas’ullari ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, bu haqda ularga atroflicha tushuncha berdik. Natijada hozirgacha viloyat bo‘yicha 219 nafar tadbirkor xususiy va davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Ularning takliflari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, faoliyat ko‘rsatmayotgan bog‘cha binosini berish yoki yer maydoni, kredit ajratish choralari ko‘rilmoqda.

Darvoqe, yaqinda ikkita xususiy bog‘cha tashabbuskorlari tegishli litsenziya olib, faoliyat boshladi va viloyatdagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari soni 11 taga yetdi. Ularning deyarli barchasi Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatadi. Lekin yil yakunigacha barcha tuman va shaharlarda shunday muassasalar ish boshlashiga ishonamiz. Chunki Prezidentimiz raisligida kuni kecha maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilib, vazirlik va mahalliy hokimliklar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Endilikda bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytiramiz.

– Siz tilga olgan o‘sha yig‘ilishda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun kadrlar tayyorlash masalasi yuzasidan ham muhim vazifalar belgilab berildi. Viloyatda bu boradagi ahvol qanday?

– Hozirgi kunda viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida 4891 nafar pedagog xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 939 nafarigina oliy ma’lumotli, xolos. Shuningdek, bugun ishlab turgan xodimlar orasida nomutaxassis kadrlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni paytda viloyat bo‘yicha 198 ming nafar bolani maktabgacha ta’limga qamrab olish zarurligini hisobga olsak, yana 10 ming nafar pedagog va tarbiyachiga ehtiyoj tug‘iladi. Buncha mutaxassisni tayyorlash uchun bir necha yil kerak. Shu jihatdan Prezidentimiz taklif etganlaridek, oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida kunduzgi shaklda 3 yillik bakalavrlar tayyorlash tizimining yo‘lga qo‘yilishi, sirtqi va maxsus sirtqi bo‘limlar ochilishi masalaga yechim topishning eng maqbul yo‘li sanaladi. Bundan tashqari, 2018-2023 yillarda oliy ma’lumotli nomutaxassis kadrlarni tegishli mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslarida bosqichma-bosqich o‘qitish ham rejalashtirilgan.

Bugun davlatimiz tomonidan tizim oldiga qo‘yilayotgan talabdan kelib chiqib, endi maktabgacha ta’lim muassasalarida fidoyi xodimlar ishlashi kerak. Shu paytgacha aksariyat bog‘cha mudiralari oziq-ovqat ta’minoti bilan shug‘ullangan va ana shu “tashvish” bilan yurgan. Xabaringiz bor, bundan buyon tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish, ta’minot masalasida yangicha tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu ish bilan tegishli tashkilotlar shug‘ullanadi. Maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi, pedagog va tarbiyachilar faqat bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ana shunday talabga munosib bo‘lganlargina tizimda ishlaydi, eskicha fikrlaydiganlar esa chetga chiqib qolaveradi. Boshqarma tashkil etilganidan buyon viloyatimizdagi 30 nafardan ortiq mudira bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani ham shundan dalolat beradi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida mamlakatimizning ertangi kuniga poydevor qo‘yiladi, Vatanimizning kelajagi yaratiladi. Bugun maktabgacha ta’lim tizimida mehnat qilayotgan har bir inson ana shu haqiqatni butun vujudi bilan his qilishi, shunga monand ishlashi, davlatimiz tomonidan qo‘yilayotgan talabga munosib bo‘lishi lozim.

G‘olib Hasanov, O‘zA
6 420