O‘zA O`zbek

01.08.2018 16:21 Chop etish versiyasi

Yangi binoda yangi tashabbuslar bilan

Qarshida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati Qashqadaryo viloyati filialining yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.

Qisqa fursatda qurib bitkazilgan bino o‘ziga xos zamonaviy va ko‘rkam me’moriy yechimga ega. Loyiha qiymati 3 milliard 850 million so‘m bo‘lgan inshoot “NASAF HAMKOR TARAQQIYOT” MCHJ bunyodkorlari tomonidan qurildi.

3 qavatli zamonaviy bino 36 xonadan iborat bo‘lib, xodimlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Binoning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, “O‘zagrosug‘urta” AJ rahbariyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan mutaxassislar ishtirok etdi. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, ishchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar alohida ta’kidlandi. Mehmonlar “O‘zagrosug‘urta” AJ Qashqadaryo viloyati filiali faoliyati bilan tanishdi.

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati ushbu tizimdagi yirik kompaniyalardan biridir. Qariyb 20 yildan ko‘proq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelayotgan kompaniya bugungi kunda 150 ga yaqin turdagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatadi.

Tadbir doirasida kompaniya faoliyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar ham o‘tkazildi. Unda sug‘urta xizmatlarini yanada yaxshilash, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmati turlari sifatli bo‘lishini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

– Bu yerda barcha hududlardan soha vakillari jam bo‘lganidan foydalanib, kompaniyamizning yarim yillik ko‘rsatkichlariga bag‘ishlangan yig‘ilish ham o‘tkazildi, – deydi “O‘zagrosug‘urta” AJ qayta sug‘urtalash departamenti bosh menejeri Mirolim Turg‘unboyev. – Kompaniyaga joriy yil birinchi yarmida 115 milliard so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘imi kelib tushdi. Sug‘urta qildiruvchilarga 21 milliard so‘mdanortiq sug‘urta tovoni to‘lab berildi. 1 million 400 dan oshiq sug‘urta shartnomalari imzolandi. “O‘zagrosug‘urta” vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqayotgan yurtdoshlarimiz uchun maxsus sug‘urta joriy etdi. Ayni paytda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chetga chiqayotgan fuqarolarga mamlakatimizning 14 hududida maxsus shoxobchalar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, yurtdoshlarimizning ishga borayotgan mamlakatlardagi sug‘urtaviy himoyasini, sug‘urtaviy shartnomalari amalga oshirilishini nazorat qilish uchun jamiyat vakolatxonalari tashkil etilmoqda. Ayni paytda Rossiya Federatsiyasida o‘z vakolatxonamiz bor. Qozog‘istonda ham tez kunlarda vakolatxona o‘z faoliyatini boshlaydi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, fuqarolarning mulkiy va shaxsiy hayoti bilan bog‘liq manfaatlarihimoya qilinishini ta’minlashdir.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 684