O‘zA O`zbek

05.07.2020 Chop etish versiyasi

Yangi avlodning yetakchi vakilasi…

Yangi avlodning yetakchi vakilasi…

Qashqadaryo viloyati hokimligida. Maktab, kollej va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga viloyat rahbari murojaatnoma bilan chiqqan kuni...Faol yoshlar, bitiruvchilar jam boʻlgan. Ichki hayajoni va toʻlqinlanib turgani sezilib, koʻzida quvonch porlab turgan oʻquvchidan soʻrayman:

Bayram muborak, xoʻsh endi kim boʻlmoqchisiz, Kumushxon qizim?

– Menmi, Feruza Mahmudovaga oʻxshagan elchi boʻlaman! - atrofdagilar birdan shu tomonga qaradi. Yosh yurakdagi qaynoq harorat beixtiyor bizga ham koʻchdi.

– Yashang, balli.

– Oʻz ona tilimdan tashqari rus, ingliz tillarini mukammal bilaman. Hali oʻqishga kirsam, ispan, nemis tillarini oʻrganmoqchiman. Karantin paytida oʻrganishni boshlab ham qoʻydim, vaqtda foydalanish uchunda...

Koʻksida oltin medal, qoʻlida bir dasta gul – entikish bilan soʻzlayotgan bitiruvchi qizni tinglar ekanman, koʻz oʻngimda yaqindagina Senat qaroriga koʻra, mamlakatimizning Isroil Davlatidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tasdiqlangan Feruza Mahmudova siymosi gavdalandi.

Yelkasida tovlanib turgan xonatlas, qatʼiyatni muhrlagan oʻtkir nigoh, yuzida zukkolik zuhur topgan kamtar qiyofa...

Oqila ayollarimizning yangi avlodi yetakchi vakilasi sifatida mana u qanchadan qancha qizlarimiz qalbiga ilm daʼvatini, oʻziga ishonchni olib kira oldi. Erta uchun dadil intilayotgan, oydin manzillarni koʻzlagan oʻgʻil-qizlarimizga jonajon Vatan koriga yarashning ortida qanchalik mehnat borligini, bu har nedan aziz va saodatliroq ekanini isbotlagan diplomat xonim.

Intilgan, oʻz ustida ishlaganlar, talab va marrani katta qoʻyganlar - Yangi Oʻzbekistonda hamisha olqish va obroʻ topa olishiga umidbaxsh gʻayratni uygʻotdi. Bu ibratli saboq –ulugʻvor havaslarning roʻyobga aylanishi uchun chinakam timsol boʻlibdi. Yurak deb atalmish pok nazargohga yaxshilik urugʻi ekilgan, u yillar oʻtib oʻz mevasini beradi, yaʼni ilmi, bilimi bilan kelajak sari otlangan mana shu oʻgʻil-qizlarimizning hayotida, faoliyatida.

Maʼrifatparvar adib Mahmudxoʻja Behbudiy bir maqolasida shunday deydi: "Kelar zamon uchun hozirlanayluk, oʻtgan zamon uchun emas". Dilida yuksak ahd, ishonch va qatʼiyat bilan kelajak sari odimlayotgan dilbandlarimiz qalbidagi havaslari tugal maqsadga aylanishi uchun bugun bori imkoniyat, shart-sharoit yaratib berilmoqda. Muhimi, ibrat, namuna boʻlayotgan fidoiylarning borligi bizni quvontiradi. Zamonlar oʻtib mana shu yoshlar yuksak minbarlarni egallaydi. Oʻshanda, egnida atlas libos,xorijda oʻtkazilayotgan anjumanda biyron soʻzlayotgan Kumushxondek zukkoginalarni koʻrganim chogʻ, oʻzbek elchi xonimi Feruza Mahmudova kabi oqila ayollardan mamnun boʻlaman. Ibrat boʻlgani, kelajak manzillari tarixini chizishdagi tashabbuskorligi, ilm hamisha gʻolib ekanini isbot ekani uchun...

Ziyoda AMINOVA,
jurnalist

1 753
OʻzA