O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Yangi avlod bolalar tibbiyot markazi – milliy gʻurur

Yangi avlod bolalar tibbiyot markazi – milliy gʻurur

Ertamiz egalari, yorugʻ iqbolimiz – farzandlarimiz kelajagi, ular salomatligi bilan bogʻliq masala biz uchun hamisha ustuvor ahamiyat kasb etib kelgan. Azal-azaldan ezgu orzu-umidlar roʻyobini farzandlar istiqbolida koʻrish milliy urf-odatlarimizga xos goʻzal fazilatlarimizdan sanaladi. Shonli oʻtmishimiz sahifalaridan ayonki, ota-bobolarimiz oʻz nasli, zurriyodi taqdiriga jiddiy eʼtibor qaratgan.

Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda har tomonlama sogʻlom avlodni voyaga yetkazish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bu yoʻnalishda tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarga moʻljallangan Saylovoldi dasturida ham tibbiyot hamda farmatsevtika sohasini tubdan isloh qilish, sogʻliqni saqlashda tibbiy profilaktikaning oʻrnini oshirib borish, tibbiyotning birlamchi-profilaktika tizimini yana-da rivojlantirish kabi vazifalar belgilangan.

Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, poytaxtimizda Oʻrta Osiyoda yagona, toʻrtinchi avlod – Bolalar milliy tibbiyot markazi barpo etilgani farzandlarimiz sogʻligini saqlash, ular salomatligini mustahkamlash yoʻlida muhim qadam, misli koʻrilmagan loyiha, ulkan tashabbus boʻldi. Ushbu markaz Bolalar tibbiyoti yoʻnalishida noyob jarrohlik amaliyotlarini bajarish, innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish borasida yuksak ahamiyat kasb etadi.

Bugun zamon oʻzgarmoqda, har bir sohada yondashuv, talab oʻzgarmoqda. Taraqqiyot imkoniyatlarimizni kengaytirmoqda. Ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari asosida bunyod etilgan markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqildi. Eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan boyitilgan ushbu markazda pediatriya, neyroxirurgiya, ortopediya, gemodializ, kardioxirurgiya, umumiy xirurgiya, oftalmologiya, onkologiya, LOR hamda reanimatsiya boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa bir yil oldin Bolalar milliy tibbiyot markazi loyihasi bilan tanishish jarayonida ushbu markaz mamlakatimizdagi barcha muassasalar uchun bazaviy boʻlishi, telemeditsina orqali uzoq hududlarimizdagi bolalarga ham yordam koʻrsatilishini qayd etib oʻtgan edi. Yaqindagina barpo etilgan markazga tashrif buyurib, ayni muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida ham bu borada toʻxtaldilar. Prezidentimiz “... Bu yerda bolalarni malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida mamlakatimiz hududlarida ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni takomillashtirish kerak”ligini alohida taʼkidladi.

Oldinlari diagnostika yaxshi boʻlmagani, shifokorlar malakasi yetishmagani tufayli hududlardagi bemor bolalar, ularning ota-onalari koʻp qiynalardi, ogʻir kasal boʻlsa, sogʻligi nuqsonli boʻlib qolardi. Endilikda, mutlaqo yangi – Bolalar milliy tibbiyot markazi bu boradagi barcha ogʻriqli muammolarimizning yechimi boʻla oladi. Zamonaviy tibbiyot muassasasi koʻplab bemor bolalarimizni yorugʻ hayotga qaytaradi.

Farzand – umrimiz mazmuni, hayotimiz quvonchi. Uning salomatligi – jamiyat taraqqiyoti, yurt farovonligi demakdir. Farzandlari sogʻlom mamlakatgina yuksaladi, rivoj topadi. Zero, ular salomatligi yoʻlidagi har qanday ezgu tashabbus oʻzining ulkan samarasini koʻrsatishi, shubhasiz.

Rajabboy ROʻZMETOV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Xorazm viloyati kengashi raisi,
Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi deputati.

912
OʻzA