Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2018 17:28 Chop etish versiyasi

Yana to‘ylar haqida

Yaqinda internet saytlarida Hindistonning Aurangabad shahrida o‘z qizining to‘yiga sovg‘a sifatida 90 nafar uysizga turar joy binosi taqdim qilgan tadbirkor xaqida xabar berildi. G‘alla va to‘qimachilik mahsulotlari bilan savdo qiluvchi Adjay Manot o‘ziga tegishli mulk bo‘lmish yerga uy solib, uni uysizlarga bergan. Yangi uy egalarini tadbirkorning shaxsan o‘zi tanlab olgan. Kambag‘allarga berilgan uy hashamatli emas, atigi 25 m? bo‘lib, ikkita derazasi va ikkita eshigi bor. Elektr bilan ta’minlangan.

O‘tgan yili o‘zbek saytlarida chimkentlik Dariya va Yerkebulan Joldasovlar dabdabali to‘y marosimi o‘rniga 300 kishilik osh tarqatgani xaqida ma’lumot berildi. Ulardan avval esa Chimkentda Meirman va Saniya Sauranbeklar bolalarni moslashtirish markazida to‘y o‘tkazganlari haqida shov-shuvli xabar tarqatilgan edi.

Bizda-chi? Kelin-kuyovlarning Mehribonlik uylariga borib, ko‘ngli yarimlarni xursand qilgani haqida hozircha xabar o‘qimadik. Saytlarimiz limuzin-u, JIPlarda shahar aylanayotganlar, parklarda suratga tushayotganlar, to‘ylariga bir nechtalab xonandalarni taklif qilayotganlar haqida yozmoqda. Bitta xonandaga berilgan pulga Mehribonlik uyida tarbiyalanayotganlarning hammasiga tort sovg‘a qilish mumkin-ku. Bitta limuzin puliga bolalarga muzqaymoq yoki konfetlar tortiq qilish mumkinmas-mi?!

So‘nggi 10 yillar maboynida shaharliklar ertalabki oshlarni restaron va kafelarda berib, kechki ziyofatlarni ham uylarda yoki mahalla to‘yxonalarida o‘tkazmayapti. Bu ham davrimizning tinchligi va to‘kin-sochinlikdan dalolat bermoqda. Toshkentda bir-biridan ko‘rkam restoran va kafe, to‘yxonalarning qurilayotgani ham tinch zamonamizning bizga bergan tuxfasidir.

Birok to‘qlikka sho‘xlik xollari ham kuzatilmokda. Endi kim o‘zarga nafaqat to‘ylar, balki motam marosimlari ham o‘tkazilmokda. Yaqinda hamkasblarimdan biri “yuring bir do‘stimning otasiga qilayotgan yil oshisiga borib kelaylik”, degan taklifiga, “axir men u kishini o‘zini ham, otasini ham tanimayman-ku”, dedim. Mening bu e’tirozimga, “do‘stim, qancha ko‘p hamkasbingizni olib kelsangiz shuncha hursand bo‘laman, deb aytgan edi”, degan javobni oldim. Ko‘ngli qolmasin deb Yil oshiga bordik. Tumonat odam. O‘lgan otasi ortidan obro‘ olishni maqsad qilib qo‘ygani shundoq ko‘rinib turibdi. Nimaga kerak shuncha dabdaba? Otasini hurmat qilar ekan, qishloqda tanish-bilishlari ishtirokida shu marosimni o‘tkazib qo‘ysa yaxshi emasmidi? Otasining hurmati uchun Toshkentda osh bermasa unga hech kim ta’nayu dashnom bermasdiku?

Bir vaqtlar kelin-kuyovning to‘yiga kamsonli qariyalar taklif qilinardi. Hozir kamida 200 kishi kelmasa to‘y go‘yo o‘tmagan hisoblanadi. Nima uchundir osh kelin tarafidan berilmoqda. Qalin pulini katta bergan kuyovning otasi 200 dan ortiq hamrohi bilan oshga bormoqda. “Baraka topgur boruvchilarni sal kamaytiring, mard bo‘lsangiz ularni uyingizda mehmon qiling” degan odam yo‘q.

Bundan bir necha yil avval yaqin qarindoshim o‘g‘il uylantirdi. Uyida 100 kishilik dasturxon yozdi. Ertasi kuni kelinnikiga esa 100 kishi bilan bordi. Yaxshi tomoni uyiga chaqirganlarni qudanikiga olib bormadi. To‘y juda ixcham o‘tdi. Hozir kelin-kuyov juda ham baxtli, qudalar esa ahil.

Yana bir tanishim bor. Bozorda tirikchilik qiladi. Katta o‘g‘lini uylantirganida yuz kishi (bir kishi ham ortiq emas) bilan kelinnikiga oshga bordi. Amru-ma’ruf chog‘ida domla 200 kishi bilan oshga keluvchi qudalarni tanqid qilib, sal og‘iroq gapirib yuboribdi. Nafsoniyatiga tegib ketgani bois qudalar bir qoshiq ham osh yemasdan, duo qilib turib ketishdi. O‘shanda tanishim, “Xudo xohlasa ikkinchi o‘g‘limni uylantirganimda o‘zim osh beraman”, deb o‘ziga o‘zi va’da beribdi. Haqiqatdan ham ikkinchi o‘g‘lining uylanishida o‘zi osh berdi. To‘g‘rirog‘i, har ikki qudasiga og‘irligi tushmadi. Farzandlari baxtli. Bu kabi mard insonlar haqida ko‘proq yozish kerak.

Bir vaqtlar artistlarning, to‘g‘rirog‘i karnay-surnaychilarning vaqtiga qarab to‘y qilinardi. Keyinchalik videochilarning qovoq-tumshig‘iga qaraladigan bo‘ldi. Bugun esa dabdabali restoranlar “qachon bo‘sh bo‘lar ekan” deb navbat kutilmoqda. Yoshlar oddiy kafelarda to‘y qilgisi kelmay qoldi.

Bir vaqtlar beshik to‘ylari o‘n-o‘n besh nafar xotin-xalaj ishtirokida o‘tkazilardi. Endi beshik to‘ylari ham uylardan restoranlarga ko‘chdi. Oddiy to‘ylardan farqi qolmayapti. Bir tomondan to‘ylar ixchamlashib bormokda va shu bilan birga juda ham dabdabali bo‘lmokda.

O‘zbek kelinining yevropacha yarim-yalong‘och kiyinayotgani haqida ko‘p yozildi. Ayniqsa, prokatga olinayotgan kelinlik libosi ancha munozaralarga sabab bo‘ldi. Biroq bu an’ana davom etmoqda. Yarim-yalang‘och kelinlik libosi qo‘ldan-qo‘lga o‘tsa-da, katta mablag‘lar evaziga vaqtincha ijaraga olinadi. Mutaxassislar prokatga olinadigan libos ham kissaga, ham sog‘liqqa zarar ekanligini aytishadi. Bir marta kiyiladigan libosga ketayotgan mablag‘ga boshqa narsa olsa bo‘lmasmikin?!

Hozir biror bir taklif berishga ham odam qo‘rqib qoldi. Masalan, bir vaqtlar “kelinlar hayit qilmasin. Hayitga sarflanadigan mablag‘ga televizor, komputer olib berish kerak”, degan taklif berilgan edi. Avvaliga bu taklif hammaga yoqib qoldi va hayit qilmaslik evaziga ro‘zg‘ordagi kamchilik to‘g‘irlab olinayotgan edi. Biroq bu an’ana bir zumda isloh qilindi. Endi kelin ham hayit qilmokda va ham tog‘oralar qatorida, albatta, televizor yoki komputer yangi kelinga sovg‘a qilinmokda. Eng katta fojia kuyov bolalar ham qaynonasidan keladigan sovg‘alarni uyalmay kutishga o‘rganib qolayotgani namoyon bo‘lmokda. Mana shu illatga yigitlarimiz o‘rganib qolmasligi uchun ularning yigit ekanligini tez-tez eslatib turish kerakka o‘xshaydi.


Sharofiddin To‘laganov

O‘zA
9 140