O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

Yana bir xayrli tashabbus!

Yana bir xayrli tashabbus!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 28-may kuni oʻtkazilgan iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda, bir qator amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab berilgan edi. 

Shu maqsadda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tomonidan aholining isteʼmol madaniyatini oshirish, tuman va shaharlarda kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini tashkil etish, aholi, ayniqsa yoshlar orasida huquqiy va badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan siyosiy va badiiy adabiyotlar, zamonaviy “Book cafe” hamda bepul WiFi tizimi bilan taʼminlangan “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi doirasida respublikamizning tuman (shahar) markazlarida “Isteʼmolchi kutubxonasi” va “Isteʼmolchilar uyi” qurib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida oʻtgan 2019-yilda Respublikamiz hududlarida jami 9 ta barcha qulayliklarga ega boʻlgan “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi” foydalanishga topshirilgan boʻlib, joriy yil yakuniga qadar esa bu kabi ziyo maskanlaridan yana 21 tasini qisqa muddatda qurib, foydalanishga topshirish reja qilingan.

Bugun yana bir ana shunday ezgu maqsadni amalga oshirish uchun Navoiy viloyatining Navbahor tumanida zamonaviy “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi”ni qurish uchun tamal toshi qoʻyildi. Navbahor tuman hokimi Lochin Oblaqulov, Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqovlarga tumanning nuroniy-faxriy otaxonlari, ziyo ulashishdek savobli ishga hissa qoʻshishayotganini va boshlagan ezgu amallari xayrli boʻlishi tilashdi. 

Kelgusida ushbu tumanda ham zamonaviy koʻrinishdagi barcha qulayliklarga ega tarixiy, huquqiy va badiiy yoʻnalishdagi adabiyotlar bilan boyitilgan, yuqori tezlikdagi internet va zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmasi hamda “Book cafe”, bepul WiFi tizimi bilan taʼminlan kutubxonaga ega boʻlishadi. Mazkur “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi” joriy yil yakuniga qadar qurilib, foydalanishga topshirilishi maqsad qilingan.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiya
matbuot xizmati

1 449
OʻzA