O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Yalpi majlis oldidan qoʻmita yigʻilishlari

Yalpi majlis oldidan qoʻmita yigʻilishlari

Bugun Oliy Majlis Senati qoʻmitalarining videokonferens-aloqa shaklida majlislari boʻlib oʻtdi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, qolaversa, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axboroti muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, amaldagi Qonunning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish talablari past boʻlib, bugungi bozor sharoitida samarasiz boʻlgan, eskirgan norma va qoidalarni oʻzida mujassam etib kelmoqda. Xususan, mehnat organlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar bir-nechta qonunosti meʼyoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Yangi tahrirdagi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonun esa ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni tartibga solish maqsadlariga xizmat qiladi. Shu bilan birga, aholi bandligini taʼminlashda zamonaviy kasbiy va mehnat standartlarini joriy etish, mehnatga haq toʻlashning mexanizmlarini tartibga solish va takomillashtirishda dasturilamal boʻlishi taʼkidlandi.

Soʻngra “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama markazida boʻldi.

Mazkur Qonunda xususiy bandlik agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan Qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlik ham nazarda tutilmoqda. Qonunga kiritilayotgan oʻzgartishlar bugungi kundagi dolzarb masalalarning hal etilishi, fuqarolar turmush farovonligi oshishiga zamin yaratishi qayd etildi.

Bundan tashqari, majlisda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axboroti koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Senatning ishchi guruhi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda aholi bandligini taʼminlash va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq qaror va dasturlar, chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash holati oʻrganildi.

Mamlakat mehnat bozori tahlili asosida aholi bandligini taʼminlash, hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish uchun davlat buyurtmasini va aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ishga joylashtirish uchun kvotalar belgilash orqali aholi bandligini taʼminlash borasida qator ishlar amalga oshirilgan.

Mazkur masala yuzasidan senatorlar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Parlament yuqori palatasining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida dastlab “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, yangi tahrirdagi Qonunda sohaga oid asosiy tushunchalar va tamoyillar, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari, Milliy komissiya, hududiy komissiyalar va Milliy maʼruzachiga oid meʼyorlar aniq belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, shu tariqa xalqaro maydonda davlatimiz nufuzini oshirishga yordam berishi taʼkidlandi.

“Qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.

Qonun bilan parlament va mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, amaldagi “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oliy Majlis palatalari faqat hukumat aʼzolarining axborotini eshitishga haqliligi belgilangan boʻlsa, kiritilayotgan oʻzgartishga asosan Qonunchilik palatasi va Senat hukumat aʼzolari va davlat organlari rahbarlaridan tashqari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, majlisda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash kabi jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi majlisida yangi tahrirdagi “Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qonun normalarini oʻsimliklar karantini va ularning muhofazasi toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlari va xalqaro hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan koʻrib chiqish lozimligi va uni takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

2 478
OʻzA