O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Yakuniga yetayotgan haftadagi qonunchilikdagi muhim yangiliklar

Yakuniga yetayotgan haftadagi qonunchilikdagi muhim yangiliklar

Yakuniga yetayotgan haftada qonunchilikda muhim yangilik va oʻzgarishlar roʻy berdi. Yangi qonunlar hamda Prezidentimizning, Vazirlar Mahkamasining qator hujjatlari qabul qilindi.

Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi yangiliklar mohiyati, ijrosi bilan bogʻliq masalalar haqida brifing oʻtkazdi.

Qayd etilganidek, 2019-yil 13-avgustdagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi

Qonunga koʻra, yer uchastkalarini doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish orqali xususiylashtirish mumkin. Yer uchastkalarini faqat elektron onlayn-auksion orqali sotiladi. Qonun 2020-yil 1-martdan eʼtiboran kuchga kiradi.

2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan xususiy mulk himoyasi kuchaytirildi.

Endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga tadbirkorlar faoliyatiga turli koʻrinishda aralashuv, ularni turli tadbirlarga majburiy jalb qilish kabi holatlar taqiqlandi.

2019-yil 13-avgustda “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tuzilmasida iqtisodiyot va sanoat vazirining oʻrinbosari – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi joriy etildi. Agentlik direktorining oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining ijrochi direktori hisoblanadi. Shuningdek, hududlarda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻlimlari tashkil etiladi. Jamgʻarma tomonidan “Tadbirkor” axborot tizimi yaratiladi.

2019-yil 12-avgustdagi hukumat qarori bilan “Meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish asosidagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi.

2019-yil 15-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan “UzTest” davlat korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

2019-yil 16-avgustdagi “Qorakoʻlchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan 2019-2021-yillarda qorakoʻl zotli qoʻylar bosh soni, jun va qorakoʻl teri ishlab chiqarishni koʻpaytirishning prognoz parametrlari belgilandi. Qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etuvchi, eksport qiluvchi va sohaga koʻmaklashuvchi boshqa tuzilmalar bilan bogʻliq parametrlar tasdiqlandi. Ushbu sohada ilmiy-naslchilik ishlari yoʻlga qoʻyilib, rivojlantiriladi.

675
OʻzA