O‘zA O`zbek

16.05.2018 14:47 Chop etish versiyasi

Yakkatut boboni bilasizmi?

Yakkatut boboni bilasizmi? Yurtimiz tabiati mo‘jizalarga shu qadar boyki, ba’zan yonginamizda, har kuni bir necha bor ko‘zimiz tushadigan mo‘jizalarni sezmay ham qolamiz.

Namangan viloyatining Uychi tumanidagi Mashad qishlog‘ida asrlarni qaritayotgan tut daraxti – Yakkatut bobo (mahalliy aholi uni shunday ataydi) ham ana shunday noyob voqeliklardan biridir. Agar Prezidentimiz e’tibor qilmaganlarida, ehtimol, viloyat hududida shunday azim daraxt borligidan ko‘pchilik hamon bexabar yurgan bo‘larmidi?!

O‘shanda, ya’ni 2015 yili, hali Bosh vazir lavozimida ishlayotgan Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari yig‘ilishida turizmni rivojlantirish borasidagi vazifalar haqida gapira turib, to‘satdan “Namanganliklar orasida Yakkatutni ko‘rganlar, biladiganlar bormi?”, deb so‘rab qoldi. (Zaldagi noqulay bezovtalikdan taxmin qilish mumkin ediki, Yakkatutni biladiganlardan bilmaydiganlar ko‘p edi.) “O‘sha mingyillik tut daraxti ekoturizm yo‘nalishiga kiritilsa, arziydigan tabiat mo‘jizalaridan biri, sayyohlar e’tiborini tortadigan choralar ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi!” 

2.JPG

Ertasiga Yakkatutni ko‘rgani bordik. Yakkatut bobo atrofi hukumat rahbarining yengilgina tanbehlaridan keyin tomoshaga kelganlar bilan gavjum bo‘lib qolgan edi.

Darhaqiqat, ushbu muazzam tut har qancha yo‘l bosib bo‘lsa-da, kelib tomosha qilishga, soyasida o‘tirib tafakkur va hayrat ummoniga g‘arq bo‘lishga arziydigan daraxt ekan. Namangan davlat universiteti o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi Komiljon Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, bu tut daraxtining yoshi 1000 yil atrofida.

– Bolaligimizda ham bu tutning salobati bugungiday edi, – deydi Komiljon aka. – Bobomizning bobolari ham nevaralariga tut ekilganiga besh yuz yildan oshgani haqida gapirib bergan ekan. 

1 (1).JPG

Rivoyatlarga qaraganda, Norin daryosi mana shu Yakkatut bobo poyidan oqib o‘tgan. Ayni shu tutga kemalar bog‘lab qo‘yilgan. Hazrati Xizir shu yerdan o‘tayotib daryo bo‘yida to‘xtaydi va asolarini yerga sanchib qo‘yadi. Ana shu aso ildiz otib, yaproq yozadi va asrlar mobaynida unib-o‘sib, kattakon tutga aylanadi. Uning soyasi yo‘lovchilar uchun jaziramadan panoh bo‘lsa, shig‘il mevasi “tut pishig‘iga yetib olsak, u yog‘iga yashaymiz”, deya och-yupun yashayotganlar dardiga darmon bo‘lgan.

Yana bir rivoyatga ko‘ra, shu tut ostida bir buyuk alloma yashar, dam-badam uning huzuriga turli yurtlardan fozilu fuzalolar kelib, nafis majlislar qurishar ekan. Shunday kunlarning birida daryo to‘lqinlanib, shovullab ulamolar suhbatiga halaqit beribdi. Shunda haligi alloma daryoga qarab qo‘l siltab “Nari ket!”, debdi. Daryo ham darhol tutning poyidan chekinib, o‘zining hozirgi o‘zanini egallabdi. Norin daryosining nomi hamshundan – “nari ket”dan shakllangan emish.

Yakkatutning aylanasiga o‘n to‘rt kishining qulochi zo‘rg‘a yetadi. Bugun uning atrofi obod qilinib, tabiatning jonli yodgorligiga munosib sayilgohga aylantirilgan. Uni ko‘rishga siz ham bir keling, vaqtingiz, naqdingiz ketganiga aslo achinmaysiz.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA
5 637