O‘zA O`zbek

07.09.2018 21:12 Chop etish versiyasi

Yakkasaroy tumanidagi dolzarb vazifalar muhokama etildi

Yakkasaroy tumanidagi dolzarb vazifalar muhokama etildi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari H.Ketmonov, Yakkasaroy tumani hokimi vazifasini bajaruvchi S.Maxametov, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla raislari va faollari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda poytaxt hududlari, shu jumladan, Yakkasaroy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dolzarb masalalar barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari diqqat markazida turgan vazifalardan hisoblanadi.

Yakkasaroy tumanida 66 loyiha roʻyxati shakllantirilgan. Shundan 2018 yilda jami 79,6 million AQSH dollarlik 25 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, 1 ming 448 yangi ish oʻrni yaratiladi.

Tumanda aholini ish bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, tumanda 4 ming 700 nafar ishsiz fuqaro roʻyxatga olingan. Bandlik boʻyicha dasturlarni amalga oshirish natijasida shu yilning oʻtgan davrida 1 ming 600 ish oʻrni yaratildi. Joriy yil yakuniga qadar jami 5 ming ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Yigʻilishda hududdagi koʻp qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Tumanda shu kungacha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining 62 foizi bajarilgan. Bugungi kunda tumanning 20 mahallasidagi 500 koʻp qavatli uylarga 102 shirkat xizmat koʻrsatmoqda. Soha xodimlarining oʻrganishlari davomida bir qator mahallalarda avariya holatidagi koʻp qavatli uylar haligacha eʼtibordan chetda qolayotgani, shuningdek, 6 ta yotoqxona juda achinarli ahvolga kelib qolgani aniqlandi. Ushbu muammoga tezda chora koʻrish lozimligi yuzasidan topshiriqlar berildi.

Tumanda “Obod mahalla” dasturi ijrosini taʼminlash va uyma-uy yurish jarayonida Respublika ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, unda yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Majlisda Yakkasaroy tumanidagi Shohjahon, Belariq, Toʻqimachi va boshqa qator mahallalar hududida joylashgan, oʻtgan asrning oʻrtalarida qurilgan, bugungi kunda yashash sharoitlari eskirib, antisanitariya holatiga kelib qolgan koʻplab uy-joylar buzilishi bilan bogʻliq muammolar alohida koʻrib chiqildi. Meʼyoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan uy-joylar oʻrniga xususiy investorlarni jalb etgan holda zamonaviy turar joy komplekslari, mehmonxona, biznes markazlari qurishga oid takliflar kiritildi.

Shuningdek, majlisda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar tartibli oʻtkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashining qoʻshma qarori qabul qilindi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
1 700