O‘zA O`zbek

23.09.2020 Chop etish versiyasi

Yakkabogʻning dunyo tan olgan qorabayir otlari

Yakkabogʻning dunyo tan olgan qorabayir otlari

Sharq oʻzining chidamli va chopagʻon, uchar otlari bilan mashhur boʻlgan. Xitoy tarixchilari bitgan solnomalarda “dovon otlari” haqida koʻplab rivoyat va afsonalar keltirilgan. Bunga tarix guvoh.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qashqadaryoda faoliyat boshlagan Qorabayir yilqichilik majmuasi ham tashqi va ichki bozorni naslli otlar bilan taʼminlash, Oʻzbekiston ot sportining xalqaro mavqeini yuksaltirishda muhim qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Majmuani bunyod etish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yilning 24-fevralida Qashqadaryo viloyatiga tashrif chogʻida oʻrtaga tashlangan edi. Prezidentimiz oʻshanda milliy iftixorimiz sanalgan qorabayir otlari va har bir oʻzbek oʻgʻloni qoniga singib ketgan chavandozlik xususiyati haqida alohida toʻxtalgan edi.
photo_2020-09-23_19-23-36.jpg

Prezidentimizning 2017-yil 15-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻldi.

Ushbu majmua zamon talablariga toʻla mos ravishda qurilgan boʻlib, u yerda ot sporti bilan shugʻullanish va otni parvarishlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, majmuada nasos xoʻjaligi boʻlib, u yerda maxsus suv saqlash havzalari barpo etilgan. Majmua markazida 140x75 metrlik ochiq manej maydoni qurilgan. 

Maydon atrofini oʻrab turgan ikki qatorli toʻsiqlar, toʻshalgan kvars qumiga aralashtirilgan geotekstil aralashmalargacha xorijdan keltirilgan. Naslli otlarni pogʻonama-pogʻona tarbiyalashga moʻljallangan alohida otxona binolari ham eʼtibordan chetda qolmagan. 

photo_2020-09-23_19-23-40.jpg

Bundan tashqari, otlarni mexanik tarzda qumda va suvda yurgʻizuvchi yopiq manej binolari, yemxonalar, maxsus texnikalar uchun ham binolar mavjud. Shuningdek, majmuaning kirish qismidan joy olgan yopiq manejda maʼmuriy bino, 500 oʻrinli tribuna, 80 oʻrinli restoran, mehmonlar uchun 4 xona, chavandozlarni oʻqitishga moʻljallangan oʻquv xonasi, qishki mashgʻulot zali oʻrin olgan.

Taʼkidlash lozimki, Prezidentimizning 2019-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori korxona faoliyatini yana-da takomillashtirish imkonini berdi. Unga koʻra, “Qorabayir otchilik majmuasi” unitar korxonasi “Shoʻrtangazkimyo majmuasi” MCHJ tasarrufidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tasarrufiga berildi.

Majmuaga malakali, tajribali mutaxassislardan iborat ishchi jamoa shakllantirildi, jumladan, oliy maʼlumotli veterinar vrach, zootexnik hamda murabbiylar ishga jalb etildi.

photo_2020-09-23_19-24-04.jpg

– 2019-yil 1-aprel holatida majmuada umumiy hisobda 97 bosh otlar mavjud boʻlib, 2020-yilning 1-sentyabr holatiga kelib otlarning soni 283 boshga yetkazildi, – deydi majmua rahbari Jahongir Sodiqov. – Prezidentimizning yuqoridagi qarori boʻyicha 2019-yilda mavjud otlarning bonitirovkasi oʻtkazilib ularning nasl qiymati aniqlandi. Biyalar tusi boʻyicha ajratildi hamda Respublika hududi boʻylab, ularning tusiga mos, nasl qiymati aniq boʻlgan, kelib chiqishi Qorabayir zotiga mansub naslli aygʻirlar qidirib topildi.

Biyalarni kuyikish davrida aygʻirlar bilan juftlash rejasi ishlab chiqildi hamda reja boʻyicha biyalarni naslli aygʻirlarga juftlash ishlari amalga oshirildi. 2020-yilgi qulunlash mavsumida 90 bosh ona biyalardan 37 bosh erkak va 45 bosh urgʻochi qulun, jami 82 bosh qulun olindi. Qulun olish koʻrsatkichi ona biyalar bosh soniga nisbatan 91 foizni tashkil etib, bu yilqichilikda aʼlo natija hisoblanadi. Ona biyalar va qulunlarning barchasi sogʻlom boʻlib, veterinar vrachning doimiy nazoratida.

Yurtboshimizning 2018-yil 13-14-dekabr kuni Qashkadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari, hamda 14-dekabr kuni viloyat faollari yigʻilishi bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimining tegishli qaroriga asosan Qamashi tumanidagi Maydanak hududidan 2 ming 185,57 gektar yer maydoni Qorabayir otchilik majmuasiga otlarning sifatli va intensiv oziqlanishini taʼminlash maqsadida yaylov uchun ajratib berildi. 

photo_2020-09-23_19-23-50.jpg

Majmua otlari may oyidan boshlab, kuz faslining oktyabr, noyabr oylarigacha yaylovda boqiladi. Otlarni yaylovda uyur qilib boqish yillik yem-xashak xarajatlarini ikki baravarga tejash imkonini bermoqda. 

Natijada milliardlab soʻm mablagʻ iqtisod qilinayotir. Qolaversa togʻli hududdagi yaylovning ekologik sharoiti va oziqlanish muhiti ot va toylarda sogʻlomlik, pishiqlik, chidamlilik kabi qator biologik xususiyatlarni shakllantiradi.

Bugungi kunda majmua direktori J.Sodiqov Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professori, qishloq xoʻjalik fanlari doktori D.Xolmirzayev bilan birgalikda “Qorabayir ot zotining naslini yaxshilash, oziqlantirish, koʻpaytirish va ot sporti oʻyinlariga tayyorlash texnologiyasi” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

photo_2020-09-23_19-24-00.jpg

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Qorabayir otchilik majmuasi va Rossiyaning Ryazan viloyatidagi Federal davlat byudjeti ilmiy muassasasi Butunrossiya yilqichilik ilmiy tadqiqot instituti bilan uch tomonlama shartnoma tuzilgan. Unga koʻra yilqichilik sohasida ishlab chiqilgan loyihalar doirasidagi tadqiqotlar va innovatsiyalar boʻyicha hamkorlik amalga oshiriladi.

Muxtasar aytganda, zamonaviy yilqichilik majmuasining barpo etilishi va rivojlantirilishi viloyatda tobora yoʻqolib borayotgan koʻpkari oʻyinlarini yana-da ommalashtirishga, shuningdek, ot sporti musobaqalarini yangi bosqichda rivojlanishiga xizmat qiladi. 

Eng muhimi ushbu ezgu saʼy-harakatlar natijasida Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi jahongir bobolarimiz ulkan muhorabalarda zafar qozonishini taʼminlagan qorabayir zotli otlar nasli saqlab qolinadi va avlodlarga yetkaziladi.


5 766
Oʻ.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), OʻzA