Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.06.2018 12:23 Chop etish versiyasi

Yakka tartibdagi darslar kimlar uchun?

Maktabga borishni, tengdoshlarim bilan bir sinfda o‘qishni orzu qilaman. O‘qib-o‘rganishni, kelajakda o‘z o‘rnimga ega bo‘lishni istayman. Ammo buning iloji yo‘q. O‘qituvchim uyga kelib dars beradi. Shunday shart-sharoit yaratib berishgani uchun minnatdorman.

Bu Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi Marjona Majidovaning so‘zlari. U tug‘ma nogiron. Yurolmasada fikri teran, orzulari yuksak, maqsadi aniq.

Marjonani yaqinlari, hududdagi maktab jamoasi va unga biriktirilgan o‘qituvchisi yolg‘izlatib qo‘ymadi. Ko‘pchilikning mehri va e’tibori qizning o‘zi istagandek o‘qish-yozishni, hunarmandlik sirlarini o‘rganishida qo‘l kelayotir.

– Imkoniyati cheklangan bolalarning ko‘ngliga yo‘l topa olish, ularni yolg‘izlatib qo‘ymaslik, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash juda muhim, – deydi M.Majidovaga biriktirilgan o‘qituvchi Bo‘rixol Nabiyeva. – Birgalikdagi ezgu sa’y-harakatlar ularning hayotiy maqsad va intilishlarini to‘g‘ri belgilashi, faol bo‘lishi, kasbga oid ko‘nikmalarning shakllanishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda ijtimoiy, jismoniy imkoniyati cheklangan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi bo‘yicha haq-huquqlarini mustahkamlash, bu borada ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining qo‘shma qarori asosida qabul qilingan “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom jisman yoki ruhan kamchiligi bo‘lgan bolalarni maxsus davlat ta’lim standartlari asosida o‘qitish me’yorlarini belgilaydi. Unda o‘quvchilarni ta’limga jalb qilish, o‘qitish jarayonini yuqori saviyada tashkil etish tartibi, bu borada maktab pedagoglari va ota-onalarning majburiyatlari o‘z aksini topgan.

O‘quvchiga uyda, yakka tartibda ta’lim berish uning yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi tibbiy maslahat komissiyasi (TMK) xulosasiga muvofiq, tegishli xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. Yurak, qon aylanish tizimining tug‘ma nuqsonlari, o‘pka-bronx xastaliklari, astma, xavfli o‘smalar mavjud bo‘lgan, shuningdek, psixo-nevrologik, xirurgik dardlarga chalingan, tayanch-harakat a’zolari funksiyasi buzilgan, bir vaqtning o‘zida aqliy va jismoniy jihatdan nogiron bolalar uyda yakka tartibda o‘qitiladi.

Buning uchun imkoniyati cheklangan o‘quvchini dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida TMKga kasallik tarixidan ko‘chirma, maxsus davolash-profilaktika muassasalarining xulosasi hamda boshqa diagnostika tekshiruvlari natijalari taqdim etilishi kerak. Ayni ko‘rik natijalariga ko‘ra, bolada tegishli xastaliklar aniqlangan taqdirda, uning haqiqatan ham uyda yakka holda ta’lim olishga muhtojligi to‘g‘risida tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.

Ushbu hujjat kasallik turi va darajasiga qarab to‘liq o‘quv yili yoxud 6 oylik muddatga beriladi. O‘quvchiga yakka tartibda ta’lim beruvchi pedagog oliy ma’lumotli, kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lishi talab qilinadi. Og‘ir nuqsonli bolalarni o‘qitishda fan o‘qituvchilaridan tashqari logoped, psixolog, defektolog ko‘magiga ehtiyoj tug‘ilgan hollarda ixtisoslashtirilgan internat-maktablardagi ayni mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.

Ma’lumki, ko‘zi ojiz va kar-soqov bolalar alohida maktab-internatlarda maxsus davlat ta’lim standartlari asosida o‘qitiladi. Mazkur muassasalar tomonidan jismoniy imkoniyati cheklanganlik bilan birga aqliy rivojlanishdan orqada qolgan o‘quvchilar uchun ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar yo‘llanmasiga muvofiq uyda yakka tartibda ta’lim berish tashkil qilinishi mumkin.

Shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtojligi sababli maktabga borolmaydigan bolalar o‘quv mashg‘ulotlaridan ozod etilgan kunlar oralig‘ida uyda ta’lim olishi ta’minlanadi. Ular davolanish yakuniga yetkazilgandan so‘ng ommaviy tarzda ta’limni davom ettiradi.

Bu jarayonda yakka tartibda tahsil olayotgan bolaning sog‘lom tengqurlari bilan ijtimoiy muloqot o‘rnatishi va jamiyatga integratsiyalashuviga alohida e’tibor qaratish muhimdir. Shu bois ularning maktabda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirokini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir.

O‘qituvchilar bu toifa o‘quvchilarning jismoniy va psixik rivojlanishi yo‘lida jiddiy shug‘ullanishi, bolaning atrof-muhit va ijtimoiy hodisalar haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ma’naviy-axloqiy sifatlarini yuksaltirish, estetik did va his-tuyg‘ularini tarbiyalash, unda darsliklar, badiiy adabiyotlar va ilmiy manbalar bilan mustaqil ishlash malakasini oshirish, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha individual tarzda ish olib boradi.

Uyda tahsil olish jarayonida o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha bosqichli nazorat va yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladi. Ayni yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchiga davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi. Jismoniy-ruhiy jihatdan rivojlanish davrini boshidan kechirayotgan bolalar tegishli xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi qoshida tuzilgan tashxis komissiyasi xulosasiga ko‘ra, tahsilni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida davom ettira oladi.

Tayanch-harakat a’zolarida og‘ir darajada nogironligi bo‘lgan hamda biryo‘la ko‘rish va aqliy nuqsonga ega bolalar to‘liqsiz o‘rta ma’lumot olish bilan cheklanadi. Ular uy sharoitida muayyan kasb-hunar bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Ta’lim sohasidagi kuchli ijtimoiy himoya jismoniy imkoniyati turlicha o‘g‘il-qizlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun teng va maqbul sharoitlarni yaratishdek ezgu ishlarda namoyon bo‘lmoqda. Bu doimiy e’tibor ehtiyojmand o‘g‘il-qizlarni moddiy, ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, intellektual salohiyatini rivojlantirish, hayotda va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim omil bo‘lmoqda.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 438