Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 18:24 Chop etish versiyasi

Yagona Vatan farzandlarimiz

Mamlakatimizda turli millatlar vakillarining tinch-totuv, ahil-inoq hayot kechirishi, mehnat qilishi, dam olishi, ilm egallashi, iste’dodi va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham yurtimizda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Farg‘ona viloyatida turli millat vakillari totuv-inoq va hamjihatlik muhitida yashab, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqda. Ularning o‘z ona tilida bilim olishi, milliy san’ati va an’analarini davom ettirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Viloyatda bugungi kunda 7 milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. "O‘zbekiston – umumiy uyimiz", "Shu aziz Vatan – barchamizniki!", "Yagona va ahil oilada" mavzularida do‘stlik festivallari, ijodiy tanlovlar, foto va badiiy ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda.

– Go‘zal va betakror O‘zbekistonning rus millatiga mansub baxtli farzandiman, – deydi Farg‘ona shahridagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Galina Shorokix faxr bilan. – Xalqimiz nihoyatda mehmondo‘st, bag‘rikeng, ko‘ngli ochiq. Ana shunday mehr-oqibatli, saxovatli kishilar bilan yelkama-elka mehnat qilib, bir oiladek yashab kelayotganimga, mana, yetmish yil bo‘ldi. Farzandu nabiralarim ham bag‘rikeng insonlar orasida, tinch va osuda diyorda tug‘ilib kamolga yetdi. Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilmoqda. Ozod va obod O‘zbekistonimizda barcha fuqarolar uchun ilm olish, ishlash, farovon yashashga yaratilgan keng imkoniyatlar xalqimizni yanada jipslashtiradi, ulkan bunyodkorlik ishlariga undaydi.

Darhaqiqat, 35-yil musiqa fanidan yoshlarga saboq bergan Galina aya hamisha mahalliy aholining turmush tarzi, urf-odatlariga amal qildi, mahalla-ko‘y, el-yurt oldida hurmat-e’tibor topdi. Ayniqsa, uning shonli sanalar, bayramlar va hasharlarda barchani bir dasturxon atrofida jamlab, ularni yurt ravnaqi, obodligiyu osoyishtaligi yo‘lida bel bog‘lashga chorlab kelayotgani Vataniga muhabbatidan dalolatdir.

– Mahallamizda 14 millat vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda, – deydi "Gulzor" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduvali Madoripov. – Ular o‘zaro quda-anda tutinib, to‘yu tomoshalarni bir-birlarining milliy urf-odatlari, an’analarini hurmat qilgan holda o‘tkazishga, bayramlarni birgalikda nishonlashga odatlangan. 3 mingdan ziyod aholining 40 foizi yoshlardir. Shu bois o‘g‘il-qizlarni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular ongiga millatlararo do‘stlik, bag‘rikenglik tushunchalarini singdirishga alohida e’tibor qaratamiz. Yaqinda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida “Biz ahil va inoq oila farzandlarimiz”, “Onam yopgan shirin kulcha” mavzularida yoshlar festivali o‘tkazildi. Bayramoldi barcha ko‘p qavatli uylar yo‘laklari, bolalar maydonchalari hashar yo‘li bilan tartibga keltirilib, hudud obodonlashtirildi. Festivalda barcha millat va elat vakillari faol qatnashib, milliy liboslari, kuy-qo‘shiqlari, urf-odat va an’analarini namoyish etdi. Uylar atrofidagi maxsus joylarda tandirlar qurilib momolar non yopdi, jajjilar esa kulchalarni qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlarga ulashdi.

Ha, “Gulzor”da har bir bayram shunday ko‘tarinki kayfiyatda uyushqoqlik bilan o‘tkaziladi. Yoz oylarida tatarlarning “Sabanto‘y”, koreyslarning “Tano” bayramlari ham katta tantana bilan nishonlandi.

Mahalladagi qaysi oilaga kirib, odamlar bilan suhbatlashmang tadbirkorlik, hunarmandlikni rivojlantirish borasida fikr yuritadi. Ahrorjon Umarov va rus qizi Larisa Laginova asos solgan “Fayxonteks” oilaviy korxonasi o‘n beshga yaqin xonadon daromadi oshishiga xizmat qilayotgan bo‘lsa, Noila Akbarova tashkil etgan tikuvchilik tarmog‘i o‘zbek, rus, tojik, tatar, koreys, qirg‘iz millati yoshlarining “ustoz-shogird” an’analari asosida hunar o‘rganishlariga yordam berayotir. Atrofiga o‘ndan ziyod mahalla xotin-qizlarini birlashtirgan mazkur tarmoqda ayni kunda turli xalqlarning milliy liboslari tayyorlanib, xaridorlarga yetkazilmoqda. Yig‘in raisining aytishicha, birdamlikda olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida xonadonlarda farovonlik ta’minlanib, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, oilaviy ajrim holatlari barham topmoqda.

– Urushning olovli yillarida yaqinlarimdan ayrilib, bu yerga kelganimga ham yarim asrdan ortiq vaqt o‘tdi, – deydi mahalla faoli, arman millati vakili Izzat Adiyev. – Bizga bir burda non, issiq joyini bergan bag‘rikeng O‘zbekistonda yashab, keksalik gashtini surayotganim uchun Yaratganga shukronalar aytaman. Xorijdagi qarindoshlarim bilan telefon orqali gaplashib qolsam, yonlariga ko‘chib borishimni ko‘p so‘rashadi. Men esa ularga bunday jannatmonand yurtni, ayniqsa, keksalarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatadigan insonlarni, dasturxoni hamisha to‘kin-sochin qo‘ni-qo‘shniyu mahalladoshlarni tashlab ketolmasligimni aytib, rad etaman. Axir bular mening oila a’zolarimdek qadrdon bo‘lib qolgan-da.

O‘zbekiston barchamiz uchun yagona, aziz va muqaddas Vatan. Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining maqsadi bitta, u ham bo‘lsa, Vatanimiz tinchligi va ravnaqiga kamarbasta bo‘lish. Zero, tinchlik va ahillik bo‘lgan joyda taraqqiyot bo‘ladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
885






Все о погоде - Pogoda.uz