Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.04.2018 21:40 Chop etish versiyasi

Yagona tibbiyot katalogi ko‘rgazmasi

Gulistonda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tibbiy uskuna, jihoz, buyum va mebellarning kataloglari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 29-dekabrdagi “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, vazirlik huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “O‘zbekiston yagona tibbiyot katalogi” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Ayni paytda viloyatda 57 xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritib, ularning 44 tasi ambulator, 13 tasi ambulator-statsionar sharoitda ishlaydi. Bu shifo maskanlaridagi o‘rinlar soni 265 ta. O‘rinlar soni uncha ko‘p bo‘lmasa-da, aholi salomatligini muhofaza qilishda xususiy tibbiyot muassasalarining ham o‘rni sezilarli bo‘layotganini ta’kidlash joiz.

– Ko‘rgazma yurtimizning barcha viloyatlarida namoyish etiladi, – deydi “O‘zbekiston yagona tibbiyot katalogi” tashkiloti ta’sischisi Timur Bezsmertniy. – Ko‘rgazmada mamlakatimizdagi 20 ga yaqin korxonada ishlab chiqarilgan tibbiy uskuna, jihoz, buyum va mebellar katalogi namoyish etilmoqda. Bu kataloglarga barcha ma’lumotlar kiritilgan. Davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari vakillari shaharma-shahar yurib, ovora bo‘lmasdan, biz namoyish etayotgan kataloglar yordamida o‘zlariga zarur buyumni aniqlab oladi. Eng asosiysi, ular shu yerning o‘zida buyurtma berib, shartnoma imzolashi mumkin. Kataloglardan o‘rin olgan har qanday buyurtmani qisqa fursatda yetkazib berishni kafolatlaymiz.

Ko‘rgazma tibbiyot ilmi, farmatsevtika, tibbiyot texnikasi, kosmetologiya, stomatologiya kabi sohalarda erishilgan muhim yutuqlarni keng ommalashtirish, tibbiyot tizimidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi diagnostika va davolash uslublarini amaliyotga tatbiq etish, tibbiyot muassasalariga zarur bo‘lgan uskuna, jihoz, buyum va mebellarga ega bo‘lishda muhim omil bo‘ladi.

Ko‘rgazma ishtirokchilarining har biriga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tibbiy uskuna, jihoz, buyum va mebellar katalogi jamlanmalari tarqatildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 151