O‘zA O`zbek

08.01.2018 11:40 Chop etish versiyasi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi talqini (my2.gov.uz) qanday afzalliklarga ega?

«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi tomonidan interaktiv va avtomatlashtirilgan davlat xizmatlarini muvofiqlashtirish tartibi joriy etildi. U Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – YaIDXP 2.0 (my2.gov.uz)ning yangi talqinida taqdim etiladigan barcha xizmatlarga tegishlidir.

Bu muayyan tur xizmatlarini taqdim etishga jalb qilingan tashkilotlar va mutaxassislar sonini qisqartirish, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, ariza berishdan to yakuniy natijagacha sarflanadigan vaqtni tejash imkonini beradi.

«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi talqini 60 turdagi interaktiv va avtomatlashtirilgan xizmatni taqdim etmoqda. Bu xizmatlar aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari orasida keng ommalashmoqda. YaIDXP 2.0 da ro‘yxatdan o‘tgan faol foydalanuvchilar soni ham tobora ortib, 10 000 dan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Portalning yangi talqini ilgarigisidan taqdim etilayotgan xizmatlar sifati va samaradorligining yuqoriligi, ilg‘or texnologik yechimlar keng joriy etilgani, xizmatlar optimallashgani va avtomatlashtirilganligi bilan farq qiladi.

Faoliyat yuritayotganiga uch yildan oshgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hozirda 308 xil davlat xizmatini ko‘rsatmoqda. Bu xizmatlarning 176 xili to‘la interaktiv va avtomatlashtirilgan, qolganlari esa faqat ma’lumot olish yoki ariza berish uchun mo‘ljallangan.

Xizmat ko‘rsatish chog‘ida tushgan va yaratilgan hujjatlar miqdori, jalb etilgan tashkilotlar va mutaxassislar soni, o‘tkazilayotgan operatsiya va muolajalar ro‘yxatini qisqartirish kabi 12 parametr bo‘yicha amalga oshiriladigan xizmatlarni muvofiqlashtirish tartibining joriy etilishi vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. Bu ishlab chiqilgan reglament asosida yuksak darajada rivojlangan interaktiv va avtomatlashtirilgan xizmatlarni joriy etish imkonini beradi. Nafaqat yangi xizmatlar, balki YaIDXPda bir necha yildan buyon taqdim etib kelinayotgan oldingi davlat xizmatlari ham muvofiqlashtirilmoqda.

Muvofiqlashtirish tartibi joriy etilishi natijasida turli idoralarga borish va davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqot qilishga zarurat qoldirmaydigan tranzaksiya xizmatlariga to‘liq o‘tilishi kutilmoqda.

Roman Bondarchuk, O‘zA
16 911