O‘zA O`zbek

10.09.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Yangi kitob taqdimoti

Yangi kitob taqdimoti Milliy matbuot markazida Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavsizligi instituti faoliyatiga bagʻishlangan “25 yil: sharaf, mahorat va mardlik maktabi” nomli kitob taqdimotiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi masʼullari, IIV Yongʻin xavfsizligi instituti rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda aholining mol-mulkini olov iskanjasidan himoya qilishda jonbozlik koʻrsatayotgan insonlar mehnatini qadrlash, malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Ushbu kitob Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi institutining 25 yilligiga bagʻishlab Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi. Unda institutning tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari, tuzilma va kafedralari faoliyati, kadrlar tayyorlash tizimining shakllanishi kabi koʻplab mavzular qamrab olingan.

Tadbirda soha xodimlari bugungi kunda yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, olib borilayotgan izlanishlar va tahlillarga toʻxtalib oʻtdi.

– Oʻtgan davrda yongʻin xavfsizligi va huquqni muhofaza qilish boʻyicha institutda 7 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlandi, – deydiIIV Yongʻin xavfsizligi instituti boshligʻining birinchi oʻrinbosari F.Ortiqboyev. – Institutimiz olimlari tomonidan 250 dan ortiq darslik, oʻquv-qoʻllanmalari, monografiyalar yaratilgan boʻlsa, 30 dan ortiq sohaga oid ixtirolarga patent olindi. Bu ishlanmalar xizmat amaliyotida unumli tatbiq etilmoqda. 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab, mamlakatimizdagi 15 kasb-hunar kollejida yongʻin xavfsizligi mutaxassisligi boʻyicha guruhlar tashkil etildi. Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshka xorijiy davlatlarning turdosh oliy taʼlim dargohlari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Abdulaziz Musayev, Temur Mamadaminov (surat) OʻzA
2 178