Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.11.2017 19:05 Chop etish versiyasi

Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini rivojlantirish yo‘lida

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi hamkorligida “Mamlakatimiz zamonaviy tibbiyoti rivojida xususiy sektorning roli” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning roli oshirilayotgani, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlari yanada kengaytirilayotgani, xususiy tibbiyot muassasalarining keng tarmog‘i shakllanib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Mazkur hujjatga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimidagi xususiy sektor vakillarini qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimi yaratildi. Mamlakatimizning olis hududlarida tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab o‘n yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi belgilangan. Bu xususiy sektor vakillarining samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida xususiy tibbiy tashkilotlar soni besh yuzdan oshib, mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Ishtirokchilar malakali mutaxassislar tayyorlash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, sog‘liqni saqlash xususiy sektorini yagona axborot-kommunikatsiya tizimiga integratsiyalashning muhimligini qayd etdi. Shu bois davlatimiz rahbarining "Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi tayyorlanayotgani ta’kidlandi.

Sohada xususiy sektorga davlat moliya resurslarini ajratish samaradorligini oshirish, xususiy tibbiy muassasalarni qurish uchun yer maydoni ajratish, nodavlat tibbiy muassasalarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, sarmoyaviy loyihalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, xorij sarmoyadorlarini xususiy tibbiyot sohasiga keng jalb etish, ayrim tibbiy ixtisosliklarni autsorsing shartnomasi asosida xususiy tibbiy tashkilotlarga berish kabi qator tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir doirasida nodavlat tibbiyot maskanlarining bugungi holati va istiqboliga oid turli masalalar ko‘rib chiqildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 004






Все о погоде - Pogoda.uz