O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Xususiy notariuslarga ruxsat berildi

Xususiy notariuslarga ruxsat berildi

Notarius xizmati sifat jihatdan yuqori, tezkor boʻlishi fuqarolarning ularga ishonchini mustahkamlaydi. Bu borada oʻtgan yillarda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, notariatning faol modeli doirasida yaratilgan elektron almashinish tizimi fuqarolarni koʻplab hujjatlarni yigʻishdan ozod qildi va bu jarayonlarni notariuslarning oʻzi sanoqli daqiqalarda onlayn tarzda amalga oshirmoqda. Xodimlarning ish jarayonlarini avtomatlashtirish va ularni monitoring qilishning samarali vositalari yaratildi.

Shu bilan birga, tizimda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar, navbatlar koʻpligi, sansalorlik va suiisteʼmolchiliklar kabi koʻplab muammolar ham mavjud boʻlib, ularga sohada tub isolohotlar oʻtkazmasdan barham berishning imkoni yoʻq edi. Bu borada “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni sohada yangi davrni boshlab berdi.

Farmonga koʻra, 2019-yil 1-oktyabrdan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) oʻrtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʻgʻrisidagi ishonchnomani notarial tasdiqlash bekor qilindi.

Shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan:

– davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich nodavlat – yaʼni xususiy notarial idoralarga aylantiriladi;

– korxona ijarasi, tekin foydalanish, birlamchi bozorda mol-mulk lizingi va garov (ipoteka) shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinadi;

– qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklarning ruxsati, vasiylikdagi shaxs nomidan turar joyni ijaraga (arendaga) berishda vasiylik va homiylik organining roziligi talab etilmaydi;

– kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorlik faqatgina MIBning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi.

– bitimlar turli hududdagi notarial idoralarda turib videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilishi mumkin;

– ochiq axborot tizimidan olingan hujjatning qogʻoz shakli elektron shakli bilan teng huquqiy kuchga ega boʻladi;

– notariuslarga sudgacha dalillarni taʼminlash (guvohlarni soʻroq qilish, dalillarni koʻzdan kechirish va guvohlantirish, ekspertiza tayinlash, internetdagi faktlarni tasdiqlash) mulkiy va meros masalalarida nizolarni sudgacha hal qilish – mediator vazifasini bajarish, mualliflik va turdosh huquq obyektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash kabi yangi harakatlarni amalga oshirish huquqi beriladi;

– notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qoʻyish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, 2020-yil 1-yanvargacha eksperiment tariqasida notarial idoralarda mol-mulkni tasarruf etish bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlarni, ijro xatlarini, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlash va arizalarni elektron raqamli imzodan foydalangan holda hamda videokonferensiya orqali rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyiladi.

2021-yil 1-yanvargacha aeroportlar va temir yoʻl vokzallarida ayrim turdagi notarial harakatlarni onlayn amalga oshirish imkonini beruvchi infokioskalar joylashtiriladi.
Nodavlat notariat tizimini boshqarish va ularning manfaatlarini ifoda etish uchun Oʻzbekiston Notarial palatasi tashkil etiladi.

Shuningdek, Farmon bilan 2019-2021-yillarda notariat institutini yanada takomillashtirish boʻyicha yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Demak, notariat sohasida yangi davr boshlandi.

1 512
OʻzA