Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 16:31 Chop etish versiyasi

Xushxabarlar boshlab kel, Navro‘z!

Prezidentimizning joriy yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Navro‘z bayrami bu yil mamlakatimizda umumxalq sayli sifatida nishonlanadi.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida bayramga hozirlik ko‘rishda har bir hudud, qishloq, mahallaning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari e’tiborga olinmoqda.

Jizzax viloyati Forish tumani qishloqlarida Navro‘z bayrami o‘ziga xos qiziqarli nishonlanadi. O‘zbek, tojik va qozoq millatiga mansub aholi vakillari azaldan baqamti yashab kelayotgan Nurota tog‘ tizmalarining Qizilqumga tutash qismida tabiiy xilma-xillik kabi qadim madaniyatning ham turfa namunalari asrlar osha saqlanib kelmoqda.

Nurota tog‘ining Hayotboshi cho‘qqisi etagida joylashgan Uxum qishlog‘i ahli Navro‘zni birinchi bo‘lib qarshi olishiga ishonadi. Buning boisi quyosh nuri dastavval Hayotboshi cho‘qqisiga tushib, so‘ngra boshqa qishloqlarga o‘tadi. Cho‘qqining nomi ham shu bilan bog‘liq bo‘lsa, ehtimol.

– Navro‘z bayramini keksa-yu yosh, barcha bir joyda, bir dasturxon atrofida, har kim topganini o‘rtaga qo‘yib qarshilash qishlog‘imizning qadimiy an’analaridan, – deydi uxumlik 90 yoshli Jo‘ra bobo Xalilov. – Hatto urush davrida, yegulik taqchil yillarda ham Navro‘zni bayram qilganmiz. Yaratganga shukr, mustaqillik yillarida o‘tayotgan bayram dasturxonimizda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bu tinchlik, farovonlik tufaylidir. Keksalar gurunglashib, tinchlik-omonlik, yilning barakali kelishini so‘rab duo qilishadi. Yoshlar o‘yin-kulgi, xursandchilik qiladi. Navro‘z odamlarda mehr-oqibatni kuchaytiradigan, elni ahil qiladigan bayram.

Mamlakatimizning tabiiy muhofaza qilinadigan noyob hududlaridan biri “Nurota” davlat qo‘riqxonasi tegrasida joylashgan Uxumda odamlar tabiat bilan uyg‘un yashab, ajdodlar an’analarini davom ettirib kelmoqda. Xalqaro "Qizil kitob"ga kiritilgan, boshqa hududda uchramaydigan dilband lolasi, oq dumli burgut, olqor kabi o‘simlik va jonivorlarning ko‘plab noyob turlarini ochiq tabiat qo‘ynida ko‘rish mumkinligi xorijlik sayyohlarni ham jalb etmoqda.

– Prezidentimiz qarori bilan Navro‘z har bir mahalla va qishloqda sayl sifatida bayram qilinishi belgilangani uning qadim ildizlarini yanada mustahkamlaydi, – deydi “Uxum” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Farruh Shomurodov. – Navro‘z sayli o‘tkaziladigan ochiq maydonni tayyorlab qo‘ydik. Bayramga qishlog‘imiz yoshlaridan iborat “Parandoz” va “Pomir” folklor-etnografik guruhlaridan tashqari, viloyatdan ham taniqli san’atkorlar taklif etilgan. Milliy taomlar bo‘yicha an’anaviy pazandalik ko‘rik-tanlovi bayramning qiziqarli tadbirlaridan biri bo‘ladi. Xalq o‘yinlari, turli sport bellashuvlariga ham alohida tayyorgarlik ko‘rilayotir.

Tuman qishloqlarida o‘tadigan Navro‘z sayli folklor-etnografik san’at namunalari, xalq o‘yinlarining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa Sayyod, Osmonsoy, Ilonchi, Ko‘hna bozor, Safar ota, Uchma qishloqlarida Navro‘z va to‘y-tomoshalarda ijro etiladigan lapar, o‘lan va aytishuvlar, xalq o‘yinlari faqat shu hududga xos.

Xalq o‘yinlarini sinchiklab kuzatsangiz, bugun urf bo‘lgan ko‘plab xalqaro sport turlari ham yurtimizda qadimdan mavjud ekaniga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, tuman qishloqlarida hozir ham o‘ynaladigan "Ota gov-gov" xuddi golf o‘yiniga o‘xshab ketadi. "Duk tepish" esa sharq yakka kurash sport turlari sifatida keng tarqalgan "Karate", "Taekvondo", "U-shu" bellashuvlaridan qolishmaydi.

Mustaqillik yillarida milliy-tarixiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli Forishda bebaho madaniy merosimiz bo‘lgan xalq o‘yinlarini o‘rganish, tiklash maqsadida etnografik ekspeditsiyalar, xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, musobaqalar o‘tkazildi. Jumladan, 1994-1996-yillarda Qizilqir tepaligida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan vakillar ishtirokida ikki marta Respublika xalq o‘yinlari olimpiadasi o‘tkazildi, yoshlarni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalashga xizmat qiladigan ko‘plab xalq o‘yinlari qayta tiklandi.

Ana shu dastlabki olimpiadalar davomida tiklangan «Bo‘ron», «Chavandoz», «Olib qochar», «Cho‘nka shuvoq», «Elka kurash», «Qirq tosh», «Mindi», «Bo‘ta solay», «Tortishmachoq», «Qiz quvdi» kabi yigirmadan ortiq o‘yin bugun xalqimizning chinakam ma’naviy mulkiga aylandi.

Har bir qishloq qadimdan Navro‘z o‘tkazib keladigan o‘z tarixiy joyiga egaligi ushbu bayram bilan bog‘liq an’analar uzoq davrlar barqaror davom etishiga xizmat qilmoqda. Masalan, tuman markazi atrofidagi qishloq va mahallalar aholisi bu yil Navro‘z bayramini tarixiy Qizilqir tepaligida o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotir.

Osmonsoy, Sayyod, Oqtepa qishloqlari ahli Katta soyariq bo‘yida o‘tkaziladigan Navro‘z saylida xalq o‘yinlarining barcha turlarini tomosha qilishi mumkin. Ushbu qishloqlarda yana bir odat bor – hamma ko‘chat ekadi. Agar hovlidan, ko‘chadan joy topilmasa, qishloq chetidagi dalaga ham ekaveradi.

Uloq-ko‘pkari tomoshalarining zo‘ri Janubiy Qizilqum bag‘rida joylashgan Darboza, Omonkeldi, Qizilqum, Aydarovul qishloqlarining Navro‘z sayllarida bo‘ladi. Tumanning Yuqori xudud deb yuritiladigan Qoraabdal, Garasha, Narvon qishlog‘i tomonlarda an’anaga ko‘ra dehqonlar dalaga qo‘sh chiqarib, yaxshi niyat bilan urug‘ sepadi, turli ko‘chat ekadi, ayniqsa, tok bo‘lishi shart.

Sumalak sayli, ommaviy sport musobaqalari, viloyatdan va mamlakatimiz poytaxtidan taklif etiladigan taniqli san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi barcha joylarda o‘tadigan Navro‘z sayllariga xos.

– Qadimiy madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli ajdodlarimizdan meros qadim urf-odatlar, ularning turmush tarzi, orzu-havasini o‘zida aks ettiruvchi xalq o‘yinlari Navro‘z dasturiga kiritilishi bu bayramni yanada go‘zal saylga aylantirmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi raisi Shavkat Eshonqulov. – Bayramni yurtimizda, hayotimizda ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarish va yangilanishlar, ulkan rejalarimiz, ezgu niyatlarimiz ruhiga mos mazmunli, ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun tuman madaniyat bo‘limi bilan hamkorlikda fuqarolar yig‘inlariga uslubiy yordam ko‘rsatilmoqda. Maqsadimiz – bu yil ham Navro‘z bayramini har tomonlama esda qolarli qilib o‘tkazish.

Viloyat madaniyat boshqarmasi huzurida tuzilgan ijodiy guruh tuman hokimliklari, madaniyat, sport ishlari bo‘limlari bilan hamkorlikda har bir qishloqning o‘ziga xos an’ana va urf-odatini hisobga olib Navro‘z bayramini chinakamiga xalq sayli sifatida o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga ko‘mak berayotir.

Navro‘z bayramlarida mahalliy badiiy jamoalardan tashqari shu yilning fevral oyida o‘tkazilgan “Bahor taronalari” viloyat ko‘rik-tanlovining “Navro‘z haqidagi eng yaxshi qo‘shiq”, “Eng yaxshi o‘lan”, “Eng yaxshi folklor jamoasi” yo‘nalishlari g‘oliblarining konsert dasturi namoyish etilishi ham belgilangan.

Mustaqillik yillarida Navro‘z sayllari o‘tkazib kelingan tarixiy joylar obodonlashtirilishi bilan birga, xalq sayli o‘tkaziladigan yangi maskanlar ham barpo etildi. Viloyat markazidagi Navro‘z sayllari bu yil "Yoshlar shaharchasi”da, "Istiqlol" madaniyat va istirohat bog‘ida, “O‘rda” ekologik istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tadi.

Ayni paytda Navro‘zga taraddud ko‘rish jarayonida faqat tomoshalar dasturi, sayl va tantanalar o‘tkaziladigan, dam oladigan maskanlarni tayyorlash emas, balki butun viloyatda obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat o‘tqazish, bog‘-rog‘ yaratish ishlarini amalga oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
6 308






Все о погоде - Pogoda.uz