Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.02.2017 13:47 Chop etish versiyasi

Xush keldingiz, mard va jasur o‘g‘lonlar

Xush keldingiz, mard va jasur o‘g‘lonlar Termiz temir yo‘l vokzalida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun Surxondaryo viloyatiga kelgan askarlar tantanali kutib olindi.

Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi va millatlararo totuvlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Yoshlar ongu shuurida milliy armiyamiz saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tashga qiziqish va intilish kuchayib borayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Nurmuhammad Quvondiqov Payariq tumanidagi G‘oyib ota mahallasida ulg‘aydi. Umumta’lim maktabidan so‘ng, Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida o‘qidi. Sport bilan muntazam shug‘ullanib, qo‘l jangi bo‘yicha viloyat musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egalladi, “Dinamo” futbol klubida to‘p surdi. O‘tgan yili kollejni tugatgach, muddatli harbiy xizmatga astoydil hozirlik ko‘rdi. Chaqiruv mavsumida jismoniy tayyorgarlik va test sinovlaridan yetarli ball to‘plab, Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari safida yigitlik burchini o‘tash uchun yo‘llanma oldi.

– Kollejda chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash fanini o‘zlashtirib, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda muntazam qatnashganim, jismonan chiniqqanim bunday baxtga erishishimga yordam berdi, – deydi Nurmuhammad Quvondiqov. – Xizmat davomida Vatanimizning janubiy sarhadlarida turib, ota-onam va ko‘p millatli xalqimiz tinchligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishdan baxtiyorman.

– Harbiy qism va chegara postlarida chegarachi askarlarning jangovar tayyorgarlik ko‘rishi, harbiy intizomni chuqur o‘zlashtirishi va bilimini yanada boyitishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, – deydi ofitser Komil Allaberdiyev. – O‘quv-taktik mashg‘ulotlar zamonaviy texnologiyalar asosida o‘tkaziladi. Zamonaviy usulda jihozlangan shinam va yorug‘ yotoqxona, toza, ozoda va keng oshxona, sport zali va maydonchalari, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, badiiy va boshqa kitob fondiga ega kutubxona askarlar ixtiyorida. Turli sport musobaqalari, bilimlar bellashuvlari o‘tkazish an’anaga aylangan.

Carhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan botir chegarachilarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor ularda Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.

– Kelajakda chegara qo‘shinlarida xizmatni davom ettirishga ahd qilganman, – deydi Baxmal tumanidan Shahobiddin Mamarajabov. – Bunda muddatli harbiy xizmat chinakam hayot maktabi vazifasini o‘tashiga ishonaman.

Shu kuni bo‘lajak chegarachilar zamonaviy o‘quv markazida askarlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ular belgilangan muddat davomida bu yerda harbiy soha bo‘yicha yetarli malaka va ko‘nikma olgach, janubiy sarhadlarimizning harbiy qismlarida o‘z burchini sadoqat bilan bajarishga kirishadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
2 366






Все о погоде - Pogoda.uz