O‘zA O`zbek

17.05.2020 Chop etish versiyasi

XOTIRA: shoirni xalqning yuragi tugʻadi...

XOTIRA: shoirni xalqning yuragi tugʻadi...

Muhammad ISMOIL, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori, shoir:

– Olamda yetti moʻjiza bor deyishadi. Sakkizinchisi – shoirning tugʻilishi! Fitratida tafakkur ummonining mujassamligi, tuygʻular gʻalayonining muazzamligi, hayot boʻstonining muhtaramligi shoirni moʻjizaga aylantiradi!

Yaratuvchi zot shoirni nafaqat dunyoga keltiradi, balki atrofidagilarni unga shaydo, muxlis qilib qoʻyadi va bu oshuftalar har jabhada shoirdan izoh istaydi, imdod kutadi, murodbaxsh kalom talab qiladi. Shoir hamisha javob aytadi, hamisha yuragini oʻrtagan gʻalayonlarni olamga yoyadi, jar soladi. Mana shunday tugʻma isteʼdod sohibasi, quyma zakovat va fasohat malikasi, sheʼriyatimizda nomi bir lahza tildan tushmaydigan atoqli va ardoqli shoira – Halima Xudoyberdiyeva.

Dunyoda shunday isteʼdodlar borki, ular yorqin yulduz ostida, ulugʻvor burjlar bir nuqtada yigʻilganda dunyoga keladi. Xalqning yuragidagi soʻzlar, ehtiyojidagi tilaklar, tillaridagi talablar bulutlar toʻdasi yangligʻ toʻplanganda, ularning bari shoir qalamidan hayotbaxsh yomgʻir boʻlib toʻkiladi. Haqiqiy shoir bunday mahalda tovushni koʻradi, rangni eshitadi. Haqiqiy shoirlar bunday paytda yaxshi sheʼr yozolmasa oʻzini, soxta shoirlar esa bulutni, yoinki zamonni ayblaydi. Isteʼdodning buyukligi shundaki, zamon unga qayerda, qanchalik muhtoj ekanini aniq sezib turadi.

Shoir tugʻilishini – sakkizinchi moʻjiza, dedik. Chunki, hech bir ona, u qanchalik bashoratgoʻy, qanchalik karomatgoʻy boʻlmasin, farzand koʻrayotganda, sizlarga shoir tugʻib berayapman deyolmaydi, aytgan taqdirda ham gaplari orzudan boshqa narsa boʻlmaydi. Shoirni xalqning yuragi tugʻadi. Shu yurak unga til beradi, dard beradi, iztirob beradi, ezgulik yoʻlidan yurishga abadul-abad undab turadi. Shuning uchun boshqalar yashash yoʻlini izlagan paytda, shoirlar yashash mazmunini, hayot mazmunini axtaradi.

Shu tufayli odamlar, shoirdan begonasiramaydi, yozganlarini yod oladi, yuragining ixtiyorini uning sheʼrlariga ishonib topshiradi. Insonlar oʻz yuragini ishonib topshirgan shoira ham – Halima Xudoyberdiyeva.

Isteʼdod – shoir peshonasini yarqiratgan ulugʻ neʼmat. U yurakda isyon boʻlib tugʻiladi, bu isyon sheʼrga aylansa, sheʼr isyonga aylanadi. Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlarida – shu hikmatni, shu fayzni, jozibador ohangraboni koʻramiz.

Inson oʻziga ota-ona tanlash huquqidan mahrum tugʻilgani kabi, oʻziga feʼl-atvor, qalb, qalbga esa oliysifat xislatlar, hammaga maʼqul keluvchi, sevimli fazilatlarni saralash huquqidan ham mosuvo. Agar tugʻma shoir boʻlmasa, butun hayoti davomida, ming bor, ming bor, ming bor tirishsa, urinsa, izlansa ham u oʻzini qaytadan yaratolmaydi, oʻzini buyuk shoir sifatida shakllantira olmaydi, million-million satr sheʼr yozib, tugʻma shoir yozgan bir satr sheʼrga teng sheʼr yozolmaydi. Men Halima opaga ergashgan, taqlid qilgan, undan oʻrgangan, undan koʻchirgan, unga yetib olaman, unga tengman, undan balandman degan, yuzlab shoiru-shoiralarni bilaman, lekin ular yozgan sheʼrlari Halima opaning yozganlari oldida hech narsa edi.

Men ham adabiyotda, ham hayotda opadan koʻp narsa oʻrgandim. Opaning nomi bilan ochilgan ijod maktabiga rahbarlik qilish menga ustoz oldidagi qarzlarimni qisman ado etishimga zamin boʻlmoqda...

Hayotimda bu – sheʼriyat quyoshidan bir umr zavq olib keldim, bir umr maftun boʻldim, bir umr hayratlanib yashadim. Oʻz koʻngil izhorlarimni bildirmaslik – kamida omonatga xiyonat, kamida nomardlarcha betakalluflik boʻlur edi.

Hayot SHODMON, shoir:

– Haqni tan olgan holda ham yoʻqotishlarga kuyikliman, rozi boʻlganim bilan ham koʻnikishim ogʻriqli, dardim armon otliq sarhadining koʻngil eshigini shunchaki yopib qoʻya qolmaydi...

Boʻldi. Boshqa soʻz aytmayman!

Xotira yozish alohida mavzu, opa ijodini, shaxsini belgilagulik VAQT hali (bor haqiqati bilan koʻrsatadi) oldinda.

Biz Kunga qiyoslagan, Oyga mengzagan, gulsiyoq taʼriflagan bilan, tiriklik olami ijod sarhadining dard sahrosida vujudini hol yaratib, neki issiq sovugʻi boʻlsa siylov, jon tomirlari bilan shu zaminga chippa yopishgan, shoxlari egilib-egilib sollanib turgan, bagʻridan ne bir umidli jonlarga joy bera olgan, chaqmoq koʻkayini tilib, qayrilgan novdalarini sindirib turgan, tegrasida bulbullar in qurgulik, poyida Sir mavjlanib oqqulik, koʻngli guliston gujum daraxtiga oʻxshaydi Halima opa!

Yana bu nurli chehra, yorugʻ siymoda bitmas-tuganmas bolalik armonlarimni, onamni koʻrgandek boʻlaveraman. Sira begonasiramay qora tortishimning maʼnisi ham shu.

Millatning boʻlali bolasini botir deb, elga bosh tushganlarini koʻp va xoʻp ulugʻlaymiz, boybicha qatori enalari toʻgʻrisida deyarli soʻz demaymiz. Nimaga? Aytsak, sazamiz sinadimi? “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol...” deganning oʻziga shu lutfu karamni tiyik qilsak boʻlmasmi ekan?

Menimcha, boʻladi!

Boʻlmagan taqdirda ham, men soʻzimda ham, sozimda ham cheksiz muhabbatim izhor, aytimlarimdan shu bitikni bus-butinicha opam Halima Hudoyberdiyevaga bagʻishlayman. Inim deb mehr iyishingizga jonim sadagʻa boʻsin-ay!

ENADARYO

Osmon aksi suvda qoramtir,

Tubsiz chuqur boʻlib koʻrinar.

Soy sathidan bulut hovuri

Qalqib chiqmoq uchun urinar.

Koʻkka boqsang falak rangi koʻk,

Koʻtarilib boradi yelkan.

Samolarga tutashib kenglik,

Sehrli tus oladi oʻzan.

Kunduzi kun, tunda toʻlin oy,

Jilvalarda tuyadi junun.

Ulashadi ziyolarini

Toʻlqinlarda parchalab nurin.

Kiprigimdan qilib moʻyqalam

Qarogʻimga chizilar surat:

Yuragimdan oqib oʻtadi

Azim, joʻshqin, bir buyuk qudrat.

Keldim, deyman hayqirib, keldim,

Kezlashmoqlik quvonchlik ayyom:

Bildim, deydi, bovurim, bildim,

Bagʻir bosar Sir – Enadaryom!

4 384
D.Mamatova tayyorladi, OʻzA